Bugun 22 iyun, 2025 yil, yakshanba

КИР

O‘quvchilar uchun internetdan foydalanishda imtiyozli “Maktab” tarif rejasi joriy etiladi

A A A
O‘quvchilar uchun internetdan foydalanishda imtiyozli “Maktab” tarif rejasi joriy etiladi

Bu haqda bugun Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida o‘quv yiliga tayyorgarlik masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilindi.

Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vazirligiga joylarda raqamli televideniye signali va internet tezligini ta’minlash, chekka hududlardagi kommunikasiya tizimlarini to‘liq testdan o‘tkazish bo‘yicha ko‘rsatma berildi. O‘quvchilar uchun internetdan foydalanishda imtiyozli “Maktab” tarif rejasi joriy etilishi aytildi.    

❗️Ta’lim muassasalaridagi tozalik va ozodalikni saqlash, sinfxonalar va atrofni dezinfeksiya qilish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Yig‘ilishda qayd etilganidek, har bir maktabga ichki ishlar va Milliy gvardiya xodimlari biriktirilib, tartibni saqlash va karantin talablariga rioya etilishini nazorat qiladi. O‘quvchilar sog‘ligidan doimiy xabardor bo‘lish maqsadida hududiy poliklinika yoki vrachlik punktlaridan kamida bir nafardan tibbiyot xodimi jalb etiladi.

Tadqiqotlar yosh bolalarda virus yengil kechishini ko‘rsatmoqda. Biroq o‘quvchilar infeksiyaning tashuvchisiga aylanib qolishlari mumkin. Ular o‘zlari bilmagan holda ustozlari yoki oila a’zolariga, ayniqsa yoshi ulug‘ kishilarga yuqtirishi xavfini ham inkor etib bo‘lmaydi.

Davlatimiz rahbarining shu yil 26 avgustdagi “Aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga asosan, pedagoglar 1 oktyabrga qadar grippga qarshi bepul emlanadi. Shu bilan birga, o‘qituvchilarning mehnatini munosib rag‘batlantirishga ko‘rsatma berildi.

O‘quv dargohlari faoliyatida xavfsizlik choralarini ko‘rish, shuningdek, mahallalarda koronavirusga chalingan xonadonlarni o‘z vaqtida aniqlab, maktab ma’muriyatini tezkor ogohlantirish muhimligi ta’kidlandi.

Mutasaddi vazirliklarga maktablar uchun pirometr va dozatorlar xarid qilish hamda hududlarga yetkazish bo‘yicha topshiriqlar berildi. Viloyat hokimlari maktablarni dezinfeksiya qilish, antiseptik vositalar, tibbiy niqoblar bilan ta’minlashga mas’ul etib belgilandi.

– Har bir rahbar o‘z vazifasini chuqur his qilib, ishga sadoqat va mas’uliyat bilan yondashsa, ham tizim ishlaydi, ham xalqimizning talabini bajargan bo‘lamiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
 

Kiritildi: 21:12 28.08.2020. O'qildi: 3586 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!