Taraz shahar sudi (Qozog‘iston) o‘quvchi qizni zo‘rlagan erkakni 25 yil muddatga qamoqqa hukm qildi va u majburiy kimyoviy kastrasiya qilinadi (ya’ni bichiladi). Bu haqda Prosess.uz xabar qildi, deydi "darakchi.uz".
Ismi sharifi oshkor qilinmayotgan 38 yoshli erkak «Voyaga yetmaganlarga nisbatan jinsiy xarakterda zo‘rlik qilish» va «Voyaga yetmaganni zo‘rlash» moddalari bo‘yicha aybdor deb topildi.
Sud qaroriga ko‘ra xukm qilingan erkak jabrdiyda tomonga besh million tenge (13 ming dollarga yaqin) to‘lashi kerak. Hukm hozircha qonuniy kuchga kirmadi.
Jambul viloyat jinoiy ishlar bo‘yicha tumanlararo ixtisoslashtirilgan sud ishni yanvar oyi o‘rtalarida ko‘rib chiqishni boshladi. Jabrdiyda bo‘lmish o‘quvchi qizning voyaga yetmagani inobatga olingan holda, sud jarayoni yopiq rejimda bo‘lib o‘tdi.
O‘tgan yilning noyabr oyi o‘rtalarida maktab hududidagi hojatxonada 12 yoshli o‘quvchi qizga zo‘ravonlik uyushtirilgani borasida OAVda xabar tarqatilan edi. Yettinchi sinf o‘quvchisini zo‘rlaganlikda gumon qilingan 38 yoshli shaxs ushlandi va SIZO ga joylashtirildi. Xabarlarga ko‘ra, maktab hududiga o‘rnatilgan videokuzatuv kameralarida u aks etgan.
Hodisadan so‘ng Taraz shahar hokimi o‘zgardi, viloyat ta’lim boshqarmasi va tuman ta’lim bo‘limi rahbarlari mansabidan chetlashtirildi, Hodisa yuz bergan maktab direktori, o‘rinbosari, o‘qituvchi va maktab vaxtyori ishdan olindi.
Jambil viloyat hokimi Asqar Mirzaxmetovga xayfsan berildi. Jamiyatda maktablarning xavfsizligini ta’minlash va maishiy sharoitlarini yaxshilanishi bilan bog‘liq masala muhokama qilindi. Rasmiylarning ma’lumotiga qaraganda, 2019 yil so‘nggida yetti mingta maktabning ikki yarim mingtasida hojatxonalar tashqarida ekanligi aniqlangan.
Ma’lumot uchun: Qozog‘istonda jinsiy xarakterdagi zo‘ravonlik va boshqa xatti-harakatlar uchun jazo keskinlashtirilgan. jumladan, bachchavozlarni kimyoviy kastrasiya qilish to‘g‘risidagi qonun 2018 yilda kuchga kirgan.