Bugun 14 iyun, 2026 yil, yakshanba

КИР

O‘qishni ko‘chirishda milliy va xalqaro sertifikatlarga ega talabalarga maksimal ball beriladi

O‘qishni ko‘chirishda milliy va xalqaro sertifikatlarga ega talabalarga maksimal ball beriladi

Xorijiy va nodavlat OTMlardan talabalar o‘qishini ko‘chirishda milliy va xalqaro sertifikatlarga ega talabalarga maksimal ball berish tizimi joriy etiladi. Bu haqda hukumatning 11 iyundagi qarorida belgilandi.

Qaror bilan “Xorijiy va nodavlat oliy ta’lim tashkilotlaridan talabalar o‘qishini davlat oliy ta’lim tashkilotlariga ko‘chirish bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatish”ning ma’muriy reglamenti tasdiqlandi. Unda belgilanishicha, Oliy ta’lim, fan va innovasiyalar vazirligi xorijiy va nodavlat universitetidan davlat oliygohlarining mos va turdosh bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga o‘qishini ko‘chirishda chet tili va umumta’lim fanlaridan milliy yoki xalqaro sertifikatga ega talabalarga tabaqalashtirilgan yoki maksimal ball berishni yo‘lga qo‘yadi.

Reglamentga ko‘ra, Bilim va malakalarni baholash agentligi ushbu sohada vakolatli davlat organi hisoblanadi. Ariza beruvchi har yili 15 iyuldan 5 avgustga qadar YAIDXP yoki agentlikning maxsus elektron platformasi yoxud davlat xizmatlari markazlari orqali ariza beradi.

Quyidagilar arizani rad etishga asos bo‘ladi:

so‘rovnomada nazarda tutilgan hujjatlar yoki ma’lumotlar to‘liq taqdim etilmagani;

so‘rovnomada noto‘g‘ri yoxud buzib ko‘rsatilgan ma’lumotlar aniqlangani;

belgilangan miqdordagi to‘lov o‘z vaqtida amalga oshirilmagani.

Ariza va unga ilova qilingan hujjatlar ishchi organ tomonidan har yili 15 iyuldan 6 avgustgacha ko‘rib chiqiladi hamda arizani qabul qilish yoki rad etish to‘g‘risida qaror qabul qilinadi. Bu haqda ariza beruvchiga YAIDXP yoki maxsus platforma orqali xabarnoma yuboriladi.O‘qishni ko‘chirish bo‘yicha QR-kodli imtihon natijasi vakolatli organ tomonidan har yili imtihonlar yakunlangandan so‘ng 1 hafta ichida ariza beruvchiga yuboriladi.

Davlat xizmatini ko‘rsatganlik uchun ariza beruvchidan vakolatli organ tomonidan ariza qabul qilingan kundagi bazaviy hisoblash miqdorining yarim baravari (206 ming so‘m) miqdorida to‘lov undiriladi.

Prezidentning 2025 yil 16 sentyabrdagi qarori bilan tasdiqlangan Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida yangi joriy etiladigan, shuningdek, kompozit shaklda ko‘rsatiladigan davlat xizmatlari ro‘yxatida xorijiy va nodavlat oliy ta’lim tashkilotlaridan talabalar o‘qishini davlat oliy ta’lim tashkilotlariga ko‘chirish bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatishni joriy etish belgilangandi.

Kiritildi: Bugun 18:47. O'qildi: 168 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!