Bu haqda CNN nashri AQSh razvedkasidagi manbalariga tayanib xabar berdi.
Manbalarning aytishicha, endilikda boyitilgan uran zaxiralarga yetib borish juda qiyin va xavfli bo‘lib qolgan. Bu hatto eronliklarning o‘zi uchun ham xavf tug‘diradi. Uran zaxiralarini u yerdan chiqarib olish uchun endi og‘ir qazish texnikalari va keng ko‘lamli minalardan tozalash amaliyotlari lozim bo‘ladi.
Tehronning taxminan 440 kilogramm og‘irlikdagi yuqori darajada boyitilgan urandan voz kechishi Vashingtonning asosiy talablaridan biridir. Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchining aytishicha, bu zaxiralar 2025 yil iyun oyida Isroil va AQSh zarbalari oqibatida vayron bo‘lgan yadroviy ob’ektlar vayronalari ostida qolib ketgan.
CNN xabariga ko‘ra, may oyi o‘rtalarida AQSh harbiylari Erondan uranni olib chiqish bo‘yicha amaliyotiga tayyorgarlik ko‘rgan. Biroq yakunda bu reja bekor qilingan. Prezident Donald Tramp uranni kuch bilan tortib olish juda xavfli ekanini tan olgan edi. U may oyida Fox News telekanaliga bergan intervyusida eronliklar ushbu ko‘milgan yadroviy materiallarni AQSh razvedkasiga bildirmasdan kovlab olishiga shubha bildirgan.
Reuters manbalari AQSh va Eron o‘rtasida kelishuvga erishilishiga juda oz qolganini xabar qildi. Kelishuv shartlaridan biriga ko‘ra, amerikaliklar ushbu uran zaxiralarini u yerdan o‘zlari olib chiqib ketishi va yo‘q qilishi lozim bo‘ladi.