UNICEFning Falastin bo‘yicha vakili Kazem Abu Xalafning so‘zlariga ko‘ra, G‘azo sektorida hujumlar va cheklovlar davom etmoqda, natijada bolalar azoblanmoqda. Kamiga 19 bola sovuq ob-havo tufayli, yana 165 bola esa to‘yib ovqatlanmaslikdan vafot etgan.
Abu Xalaf ta’kidladi: 2023 yil oktyabridan beri G‘azo anklavi shiddatli hujumlarga uchragan va tinch aholi, ayniqsa bolalar og‘ir vaziyatda qolmoqda. So‘nggi ikki yilda maktab yoshidagi 638 000 bola o‘qishdan ayrilgan, 20 mingdan ortiq bola halok bo‘lgan, 44 mingdan ortiq bola jarohatlangan.
Hozirda G‘azo sektoridagi 36 ta kasalxonadan faqat 18 tasi qisman faoliyat yuritmoqda, 77% aholiga jiddiy oziq-ovqat yetmaydi, 101 mingga yaqin bola esa o‘tkir to‘yib ovqatlanmaslikdan azob chekishi kutilmoqda. Shuningdek, 37 ming homilador va yemizikli ayollar oziq-ovqat yordamiga muhtoj.
UNICEF vakili gumanitar yordamning oshganini qayd qildi, ammo vayronagarchilik va hozirgi ehtiyojlar darajasida bu yetarli emasligini aytdi. Abu Xalaf xalqaro hamjamiyatni G‘azo bolalarini qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi va ularning azob-uqubatlari odatiy holga aylanishiga yo‘l qo‘yilmasligini ta’kidladi.