«Unabomber» laqabi bilan tanilgan 81 yoshli terrorchi Teodor Kachinskiy qamoqda vafot etdi. Bu haqda ABC News xabar berdi.
AQSh Federal qamoqxonalar byurosi vakilining ta’kidlashicha, u 10 iyun kuni ertalab kamerasida o‘lik holda topilgan. Kachinskiy 81 yoshda edi.
Matbuot tomonidan «Unabomber» (Unabomber — «University and airline bomber» so‘zlaridan yasalgan qisqartma) laqabi berilgan matematik, faylasuf, ijtimoiy tanqidchi Teodor Kachinskiy 1942 yilda Chikagoda tug‘ilgan.
1978 yildan 1995 yilgacha universitetlar va aviakompaniyalarga pochta orqali 16 ta bombani jo‘natgan. Posilkalarning portlashi oqibatida 3 kishi halok bo‘ldi, yana 23 kishi yaralandi. U uyi yonida yo‘l qurilayotgani sababli bunday keskin choralarni ko‘rishga qaror qilganini aytdi.
Kachinskiyni qo‘lga olish uchun 1 million dollar mukofot taklif qilindi. Ammo uni uzoq vaqtgacha ushlashning iloji bo‘lmadi. Faqat ukasi Federal qidiruv boshqarmasiga (FQB) xabar berganidan so‘ng, Kachinskiy qo‘lga olindi. 1996 yilda u 8 ta umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan edi.