Birlashgan Arab Amirligida mushkul ahvolda qolgan ikki nafar o‘zbekistonlik O‘zbekistonga qaytarildi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tgan sayyohlik kompaniyasi vakillarining aldovlariga ishonib Umra amallarini ado etish uchun Saudiya Arabistoni tomon yo‘lga chiqqan keksa yoshli T.N. va uning o‘g‘li T.B. Dubayda qoldirib ketilgan.
Ular firibgarning tuzog‘iga ilinganliklarini anglab, Bosh konsullikka O‘zbekistonga qaytish uchun avia chipta hamda mehmonxona xarajatlarini qoplash yuzasidan murojaat qilgan.
Diplomatlar va vatandoshlar ko‘magida yordamga muhtoj hamyurtlarga Dubay – Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha avia chipta sotib olingan va mehmonxona pullari to‘lab berilgan.
Ular 3 noyabr kuni O‘zbekistonga kuzatib qo‘yildi.