Bugun 25 aprel, 2024 yil, payshanba

КИР

O‘lim shiddati va ana shu paytdagi tavba

O‘lim shiddati va ana shu paytdagi tavba

O‘lim oldi alami shiddatidan mayyitning ovozi chiqmay qoladi. Zero, o‘lim azobi avjiga chiqqan bo‘ladi. Azob uning qalbi va butun tanasida g‘olib bo‘ladi. Tananing hamma a’zolari zaiflashadi. Yordam so‘rashga unda zarracha quvvat va majol yo‘q. U ingrash, dodlash, madad so‘rash bilan biroz istirohat etsam, deb orzu qiladi. Ruhi barcha tomirlaridan sug‘urib olinadi. Uning har bir a’zosi asta-sekin o‘la boshlaydi. Biri­chi bo‘lib ikki oyog‘i, so‘ngra ikki boldiri, so‘ng ikki sonining sovishi yuz beradi, ruhi (joni) halqumga keladi. Ana shu vaqtda uning dunyo va ahli-ayoliga nazari so‘nadi. Unga tavba eshiklari berkiladi. Zero, Ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilingan hadisda Ra­sululloh sollallohu alayhi va sallam bunday deganlar:

عَنْ ابْنِ عُمَرَ رَضِيَ اللهُ عَنْهُمَا قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّي اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: إِنَّ اللهَ يَقْبَلُ تَوْبَةَ الْعَبْدِ مَا لَمْ يُغَرْغِرْ. رَوَاهُ التِّرْمِذِيُّ وابْنُ مَاجَه وَأَحْمَدُ وَالْبَيْهَقِيُّ.

«Chindan ham Alloh banda tavbasini g‘arg‘ara kelmasidan avval qabul qiladi» Imomlar BayhaqiyIbn MojaTermiziyAhmad rivoyat qilishgan.

G‘arg‘ara – ruh halqumga yaqin kelgan vaqtdir. Shuning uchun mo‘min kishi gunohlarga tavba qilishga shoshilmog‘i, savobli ishlarni ko‘paytirmog‘i kerak. Zotan, kishi boshiga o‘lim qachon kelishini bilmaydi. U to‘satdan kelib qolishi mumkin.

Tavba lug‘atda «qaytish» degan ma’noni anglatadi. Ahli sunna val-jamoa ulamolari haqiqiy tavba bo‘lishi uchun unda uchta shart topilishi lozimligini aytganlar:

  1. Qilgan gunoh ishi uchun nadomat chekish.
  2. Mazkur gunoh ishni tashlash.
  3. Bunday gunohni aslo takrorlamaslikka azmu qaror qilish.

Jon halqumga taqalgan paytda esa mazkur shartlar topilmaydi. Chunki tavba qiluvchi yana o‘sha gunohlarni qilishi mumkinligiga ko‘zi yetib turgan paytda tavba keltirib, ularni boshqa sodir etmaslikka ahd qilsagina, haqiqiy azmu qaror bo‘ladi, aks holda majburiy holat yuz beradi.

Ulamolar jon uzilayotgandagi iymon qabul emas, deb bir ovozdan aytganlar. Zero, Alloh taolo bunday marhamat qilgan:

 «Bizning azobimizni ko‘rganlarida iymonlari ularga manfaat bera olmas edi…» (G‘ofir surasi, 85-oyat). Ya’ni, Allohning joriy etgan sunnati-qoidasiga binoan, azobni ko‘rganidan keyin qilingan tavba, keltirilgan iymon qabul etilmas.

Rivoyat qilinishicha, bandaga vakil etilgan ikki farishta uning o‘limi oldida hozir bo‘ladi. Agar banda solih bo‘lsa, unga: «Alloh taolo senga yaxshi mukofot bersin!» – deb, madh-sano aytishadi. Agar banda badbaxt bo‘lsa, ikki vakil farishta: «Alloh taolo senga yaxshi mukofot bermasin!» – deydi.

وَعنْ عُبَادَةَ بْنِ الصَّامِتِ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّي اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: “مَنْ أَحَبَّ لِقَاءَ اللهِ أَحَبَّ اللهُ لِقَاءَهُ وَمَنْ كَرِهَ لِقَاءَ اللهِ كَرِهَ اللهُ لِقَاءَهُ” فَقَالَتْ عَائِشَةُ أوْ بَعْضُ أَزْوَاجِهِ: إِنَّا لَنَكْرَهُ الْمَوْتَ قَالَ: “لَيْسَ ذَلِكَ وَلَكِنَّ الْمُؤْمِنَ إِذَا حَضَرَهُ الْمَوْتُ بُشِّرَ بِرِضْوَانِ اللهِ وَكَرَامَتِهِ فَلَيْسَ شَيْءٌ أَحَبَّ إِلَيْهِ مِمَّا أَمَامَهُ فَأَحَبَّ لِقَاءَ اللهِ وَأَحَبَّ اللهُ لِقَاءَهُ وَإِنَّ الْكَافِرَ إِذَا حُضِرَ بُشِّرَ بِعَذَابِ اللهِ وَعُقُوبَتِهِ فَلَيْسَ شَيْءٌ أَكْرَهَ إِلَيْهِ مِمَّا أَمَامَهُ فَكَرِهَ لِقَاءَ اللهِ وَكَرِهَ اللهُ لِقَاءَهُ”

Uboda ibn Sobitdan rivoyat qilinadi:

“Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam bunday marhamat qiladilar: «Kim Allohga yo‘liqishni xush ko‘rsa, Alloh ham unga yo‘liqishni xush ko‘radi. Kim Allohga yo‘liqishni yomon ko‘rsa, Alloh ham unga yo‘liqishni yomon ko‘radi”. Imom Buxoriy rivoyatida ziyoda qiladilar. Oisha onamiz yoki onalarimizdan birlari: “Biz o‘limni xush ko‘rmaymizku?!”, – dedilar. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam aytdilar: “Ish unday emas. ” Albatta, agar mo‘minga o‘lim hozir bo‘lsa, unga Alloh taoloning roziligi va karomati bilan bashorat beriladi. Uning uchun oldidagi narsa, ya’ni o‘limdan ham sevimliroq narsa bo‘lmaydi. U Allohga yo‘liqishni xush ko‘radi, Alloh ham unga yo‘liqishni xush ko‘radi. Ammo kofirga o‘lim hozir bo‘lganda, Allohning azobi va uqubati bilan “xushxabar” beriladi. Unga oldida turgan narsadan ko‘ra yoqimsizroq narsa bo‘lmaydi. U Alloh­ga yo‘liqishni xush ko‘rmaydi, Alloh ham unga yo‘li­qishni xush ko‘rmaydi» Muttafaqun alayh.

To‘satdan bo‘ladigan o‘lim. Kishi qay holatda vafot etgan bo‘lsa, qiyomatda shu holatda tiriltiriladi.

عَنْ جَابِرٍ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ عَنِ النَّبِيّ صَلَّي اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: يُبْعَثُ كُلُّ عَبْدٍ عَلَي مَا مَاتَ عَلَيْهِ. رَوَاهُ مُسْلِمُ

Jobir roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisda Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam bunday dedilar:

«Har bir banda vafot etgan holida tiriladi» Imom Muslim rivoyati.

 Rasululloh sollallohu alayhi va sallam kishi vasiyat qoldirishiga va tavba qilib olishiga fursat bo‘lmay­digan to‘satdan keladigan o‘limdan panoh so‘raganlar.

Yuqoridagi ma’lumotlardan o‘lim kasaliga chalingan kishiga quyidagi narsalar lozim ekani kelib chiqadi:

  1. Alloh taolo haqida yaxshi gumonda bo‘lishi, U zotga noloyiq gumonlarda bo‘lmasligi.
  2. U Allohning haqir maxluqoti ekanini hamda Alloh uning toat-ibodatlaridan behojat ekanini doimo yodda tutishi.
  3. Zikrlarni ko‘paytirishi.
  4. Zimmasidagi haqlarini ado qilishga shoshilishi: kafforat, qilgan nazrlari, oldi-berdilari kabilar.
  5. Kasallik mashaqqatiga sabr qilmog‘i.
  6. O‘zidagi nopokliklarni ketkazmog‘i.
  7. Umrining oxirini go‘zal holda o‘tkazishga urinmog‘i.

Manba: hidoyat.uz

Kiritildi: 07:45 09.11.2019. O'qildi: 9374 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!