Ukraina harbiylari Rossiya-Ukraina urushida qatnashish uchun Rossiyaning Kursk viloyatiga kelgan birinchi Shimoliy Koreya harbiylari bilan harbiy to‘qnashuvga kirishdi. Bu haqda 5 noyabr kuni Financial Times gazetasi Ukraina razvedkasining yuqori martabali xodimiga tayanib xabar berdi.
4 noyabr kuni KXDR harbiylari bilan to‘qnashuv haqida birinchi bo‘lib Ukraina Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi qoshidagi dezinformasiyaga qarshi kurash markazi rahbari Andrey Kovalenko xabar bergan edi. Unga ko‘ra, Shimoliy Koreya harbiylari Kursk viloyatida «allaqachon o‘qqa tutilgan».
Ukraina razvedkasining yuqori martabali xodimi FTga harbiy qarshilik mavjudligini tasdiqladi, ammo batafsil ma’lumot berishdan bosh tortdi. U UQK va KXDR jangchilari o‘rtasidagi to‘qnashuv haqida hech qanday aniq ma’lumot bermadi. Faqatgina u bu Kursk viloyatida sodir bo‘lganini, u yerda Ukraina kuchlari avgust oyida boshlangan operasiya davomida egallangan hududning bir qismini egallab turganini aytdi.
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy 4 noyabr kuni Ukraina razvedkasi ma’lumotlariga ko‘ra, Kursk viloyatida Shimoliy Koreyaning 11 ming askari borligini aytdi. Ukraina, AQSh va Janubiy Koreya ma’lumotlariga ko‘ra, KXDR Rossiyaga urushda qatnashish uchun 12 mingga yaqin harbiy xizmatchi, jumladan, 500 ofiser va uch generalni yuborgan. Rossiya va Shimoliy Koreya Ukraina va uning ittifoqchilari ma’lumotlarini tasdiqlamagan.