Andijon viloyati Shahrixon tumanida sodir bo‘lgan ushbu voqeada 25 yoshli yigit xorijiy davlat harbiy harakatlarida qatnashgani uchun qonun oldida javob berdi. Jinoyat ishlari bo‘yicha Shahrixon tuman sudi tomonidan mazkur fuqaro O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 154-moddasi 1-qismi (Yollanish) bilan aybdor deb topildi va unga nisbatan 3 yil muddatga umumiy tartibli koloniyada jazo o‘tash hukmi chiqarildi. O‘zbekiston qonunchiligiga ko‘ra, fuqarolarning xorijiy armiya tarkibida urushda qatnashishi qat’iyan taqiqlanadi.
Sud hujjatlariga ko‘ra, ushbu yigit ilgari Rossiya Federasiyasiga ishlash maqsadida borgan, biroq u yerda giyohvandlik moddalari bilan bog‘liq jinoyat sodir etgani uchun Rossiya sudi tomonidan uzoq muddatga ozodlikdan mahrum etilgan. Sverdlovsk viloyatidagi axloq tuzatish koloniyasida jazo o‘tayotgan vaqtida, qamoqxona ma’muriyati va Rossiya Mudofaa vazirligi vakillari tomonidan urushga borish taklif qilingan. Bosh tortgan taqdirda jazo kamerasi (SHIZO) va kuchli bosimlarga duch kelgan yigit urushda qatnashish to‘g‘risida shartnoma imzolashga majbur bo‘lgan. Evaziga unga muddatidan oldin ozodlik va Rossiya fuqaroligi va’da qilingan.
Shundan so‘ng u Ukrainaning bosib olingan hududlaridagi jangovar harakatlarga yuborilgan va jang maydonida ikki bor og‘ir jarohat olgan. Portlashlar oqibatida uning chap ko‘zi butunlay ko‘rmay qolgan. Harbiy gospitalda davolanayotgan vaqtida u muassasadan qochib, O‘zbekistonning Moskvadagi elchixonasiga bosh urgan va vatanga qaytish sertifikati bilan O‘zbekistonga qaytarib kelingan. Sud majlisida yigit o‘z aybiga to‘liq iqror bo‘lib, urushga faqatgina kuchli bosim va majburlik ostida borganini aytib, pushaymonligini bildirgan.