Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Rossiyaga qarshi Ukrainaning "uzoq masofali sanksiyalari" rejasi belgilangan ustuvor yo‘nalishlarga muvofiq amalga oshirilayotganini aytdi.
"Bugun biz harbiy harakatlarimizni davom ettirishni kelishib oldik va ustuvor nishonlar ro‘yxatini yangiladik. Bu Rossiyaga va uning ushbu urushni davom ettirish hamda cho‘zish qobiliyatiga haqiqiy ta’sir ko‘rsatishga mos keladi. Asosiy maqsad qurol uchun komponentlar ishlab chiqarishdagi qiyinchiliklar yaratish, neft va boshqa iqtisodiy yo‘qotishlar, shuningdek, ushbu urushni "o‘z uyiga" qaytarish hisobiga uzoq muddatli bosimimiz Rossiyani diplomatiyaga yanada ko‘proq undashidan iborat", — dedi Zelenskiy Ukraina harbiy rahbariyati bilan o‘tkazilgan yig‘ilishdan so‘ng.
"Biz Ukraina dronlari, xususan, Ural mintaqasi, Sibir va Moskvadan uzoqda joylashgan boshqa hududlardagi nishonlarga yetib bora olishini isbotlab bo‘ldik. Faqat shu yilning o‘zida uzoq masofali sanksiyalar rejasi amalga oshirila boshlanganidan beri mingdan ortiq jangovar topshiriqlar bajarildi. Neft ob’ektlari, o‘ta muhim harbiy ishlab chiqarish korxonalari, Rossiya logistikasining tizimli muhim ob’ektlariga zarba berildi", — deb yozdi Zelenskiy Telegram ijtimoiy tarmog‘ida.
"Uzoq vaqt davomida Rossiyaning ustunligi bo‘lib kelgan frontorti strategik olisligining mavjudligi endilikda Rossiya siyosiy va harbiy rahbariyati uchun alohida muammoga aylanmoqda, chunki Rossiya havo hujumidan mudofaa tizimining katta qismi Moskva, davlat rezidensiyalari, Qrim ko‘prigi va Peterburg atrofida to‘plangan", — deya davom etdi Zelenskiy.
Uning so‘zlariga ko‘ra, zarba berish masofasi allaqachon 3 ming kilometrdan oshgan va Ukraina yanada uzoqroq masofalarda harakat qilish imkoniyatlarini oshirishda davom etmoqda.