Bloomberg xabar berishicha, AQSh tomonidan qo‘llab-quvvatlash to‘xtatilgandan so‘ng Ukrainaning kiberxavfsizligi zaiflashgan.
Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, asosiy shartnomalar bekor qilingan yoki to‘xtatilgan, infratuzilmani himoya qilish uchun uskunalar va dasturiy ta’minot yetkazib berish amalga oshirilmagan.
Ilgari AQSh Ukrainaga Rossiyaning energetika tizimi, hukumat idoralari va banklarga qarshi uyushtirgan kiberhujumlariga qarshi turishda yordam bergan edi. Faqatgina AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligining o‘zi ushbu maqsadlar uchun 200 million dollardan ortiq mablag‘ ajratgan. Qo‘llab-quvvatlash mutaxassislarni o‘qitish, texnika yetkazib berish va muhim ob’ektlarni himoya qilishni o‘z ichiga olgan.
2025 yil yanvaridan boshlab AQSh yordamning katta qismini, shu jumladan razvedka ma’lumotlari almashinuvini to‘xtatdi. Bloomberg manbalariga ko‘ra, Amerika mablag‘lari Ukraina kiberxavfsizligini qo‘llab-quvvatlashning eng yirik manbai bo‘lgan.
Shu hafta AQSh vitse-prezidenti Jey Di Vens, agar Moskva va Kiyev shartlarni qabul qilmasa, Vashington tinchlik jarayonidan chiqib ketishi mumkinligini ma’lum qildi. Bu esa kiberhamkorlikni yanada murakkablashtirishi ehtimoli bor.