AQShning sobiq prezidenti Donald Trampning Ukrainadagi harbiy mojaroni hal qilish rejasida qurolsizlantirilgan hudud yaratish va Kiyevning NATOga a’zo bo‘lishdan bosh tortishi ko‘zda tutilgan, dedi Respublikachilar partiyasidan AQSh vise-prezidentligiga nomzod J.D.Vens.
“Menimcha, ko‘rinishidan bu shunday. Tramp o‘tirib, ruslarga, ukrainaliklarga, yevropaliklarga: «Sizlar tinchlik kelishuvi qanday ko‘rinishini aniqlab olishingiz kerak», deydi. Va bu, ehtimol, Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi hozirgi demarkasiya chizig‘i bilan bir xil ko‘rinadi. Bu qurolsizlantirilgan zonaga o‘xshaydi. U mustahkamlanadi”, dedi Vens Shoun Rayan shou podkastida.
Uning qayd etishicha, Ukraina o‘z suverenitetini saqlab qoladi, Moskva esa Kiyev Shimoliy Atlantika ittifoqiga a’zo bo‘lmasligi kafolatini oladi. Vens Germaniya va boshqa davlatlar urushdan keyin Ukrainani qayta tiklashni moliyalashtirishi kerakligini tushuntirdi.
Uning fikricha, agar Tramp AQShdagi prezidentlik saylovlarida g‘alaba qozonsa, u bu kelishuvga «juda tez» erishadi.
O‘tgan shanba kuni Tramp saylovda g‘alaba qozonsa, yangi yilga qadar Ukrainadagi urushni tugatishini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, u buni rasman lavozimga kirishishidan oldin ham amalga oshirishi mumkin — reglamentga ko‘ra, inaugurasiya 20 yanvar kuni bo‘lib o‘tadi.
Siyosatchining aytishicha, uning rejasi hokimiyatga kelganidan keyin 12 oy ichida energiya narxini ikki baravar yoki undan ko‘proqqa tushirishdir.