Bugun 24 yanvar, 2026 yil, shanba

КИР

Ukraina uchun «Farovonlik rejasi» qanday?

Ukraina uchun «Farovonlik rejasi» qanday?

Politico nashri Yevropa komissiyasi tomonidan 22 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan sammit arafasida YEI a’zo davlatlariga yuborilgan hujjatga tayanib, Ukraina uchun mo‘ljallangan «farovonlik rejasi» deb ataluvchi YEI va AQSh o‘rtasidagi kelishuv loyihasi tafsilotlarini e’lon qildi.

18 betdan iborat ushbu loyiha Ukrainani tiklash bo‘yicha 10 yillik strategiyani tavsiflaydi hamda uning Yevropa Ittifoqiga «tezlashtirilgan» a’zo bo‘lish yo‘lini nazarda tutadi. Uch nafar yevropalik amaldor va diplomatning aytishicha, hujjat YEI davlatlari poytaxtlarida bo‘lib o‘tgan sammitda muhokama qilingan.

Moliyaviy strategiya 2040 yilgacha mo‘ljallangan. Hujjatda, shuningdek, loyihani ishga tushirish uchun «100 kunlik reja» ham tilga olingan.

Ayni paytda loyihada urush «ishonchli» tarzda yakunlanmaguncha keng ko‘lamli tashqi investisiyalarni jalb qilish qiyin bo‘lishi tan olinadi. Bu esa yaqin istiqbolda ehtimoli past deb baholanmoqda.

«Farovonlik rejasi» avvalgi «20 punktli reja» g‘oyalarining davomi sifatida ishlab chiqilgan bo‘lib, u o‘z navbatida Donald Trampning dastlabki tinchlik rejasi takliflariga asoslangan.

Hujjatda AQShga Ukrainani tiklashda «etakchi rol» ajratilgan. Shu bilan birga, Vashington donor emas, balki strategik iqtisodiy hamkor, investor va ishonch kafolati sifatida ko‘riladi.

Rejaga ko‘ra, 10 yil davomida Yevropa Ittifoqi, AQSh va Xalqaro valyuta jamg‘armasi hamda Jahon bankini o‘z ichiga olgan xalqaro moliyaviy institutlar Ukrainaning tiklanishiga davlat va xususiy kapital hisobidan taxminan 500 milliard dollar investisiya kiritadi.

Evropa komissiyasi 2028 yildan keyingi YEIning yetti yillik byudjeti doirasida qo‘shimcha ravishda 100 milliard yevroni byudjet qo‘llab-quvvatlashi va investisiya kafolatlari orqali yo‘naltirishni rejalashtirmoqda. Ushbu mablag‘lar yana 207 milliard yevro investisiya jalb qilishni ta’minlashi kerak.

AQSh Ukraina tiklanishida amerika-ukraina investisiya jamg‘armasi orqali ishtirok etishni rejalashtirmoqda. Biroq hujjatda moliyalashtirishning aniq hajmlari ko‘rsatilmagan.

Qayd etilishicha, Amerika tomoni foydali qazilmalarni qazib olish, infratuzilma, energetika va texnologiya sohalariga investisiya kiritishdan manfaatdor.

Avvalroq Yevropa komissiyasi raisi YEI va AQSh «farovonlik rejasi» bo‘yicha kelishuvga yaqin ekanini bildirgan edi. Ushbu reja beshta yo‘nalishga asoslangan: ishlab chiqarish samaradorligi, Ukrainani YEI bozoriga integrasiya qilish, investisiyalar, donorlik qo‘llab-quvvatlashi va islohotlar.

Vengriya bosh vaziri Viktor Orban mazkur loyiha Ukraina 2027 yilgacha Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lishini nazarda tutadi, deya da’vo qilib, Budapesht bunday ssenariyga qarshi ekanini bildirgan. Ukraina Tashqi ishlar vazirligi esa javob tariqasida Orban mamlakatning Yevropa integrasiyasini to‘sib qo‘yish imkoniyatlarini ortiqcha baholayotganini ma’lum qildi.

Kiritildi: Bugun 17:41. O'qildi: 261 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!