Ukraina Korrupsiyaga qarshi kurash milliy byurosi (NABU) Mudofaa vaziri Rustem Umerov sodir etgan bo‘lishi mumkin bo‘lgan jinoyat bo‘yicha Ukraina Korrupsiyaga qarshi kurash markazi (SPK) bayonoti asosida ish yurituvini ro‘yxatga oldi. Bu haqda 27 yanvar, dushanba kuni SPK Telegram-kanalida xabar berildi.
Ukraina Mudofaa vazirligi rahbari mansab vakolatini suiiste’mol qilganlikda gumonlanmoqda. Ushbu modda uch yildan olti yilgacha ozodlikdan mahrum qilishni nazarda tutadi.
SPK ma’lumotlariga ko‘ra, 24 yanvar kuni Umerov Mudofaa xaridlari agentligi (AOZ) Kuzatuv kengashining AOZ direktori Marina Bezrukova bilan shartnomani bir yilga uzaytirish haqidagi qarorini bajarishdan bosh tortgan. Vazir, shuningdek, bu qaror uchun ovoz bergan Kuzatuv kengashining ikki a’zosi – Taras Chmut va Yuriy Jigirni ham ishdan bo‘shatdi, deyiladi Korrupsiyaga qarshi kurash markazi bayonotida.
Shuningdek, mudofaa ta’minot agentliklarida kuzatuv kengashlarining tashkil etilishi NATOning ushbu tuzilmalarni tashqi bosimdan himoya qilish bo‘yicha asosiy tavsiyasi bo‘lganligi ta’kidlandi.
Umerov Bezrukovani harbiy xaridlar va armiya ta’minotidagi muammolarda aybladi.