Bugun 30 yanvar, 2025 yil, payshanba

КИР

Samarqandlik yirik tadbirkor Shomurod Nurmamatovni kim o‘ldirgandi?

Samarqandlik yirik tadbirkor Shomurod Nurmamatovni kim o‘ldirgandi?

2013 yilning oktyabr oyida o‘z davrining yirik tadbirkori bo‘lgan Shomurod Nurmamatov turmush o‘rtog‘i bilan birga o‘z uyida o‘ldirib ketilgan. Oradan qariyb 12 yil o‘tganiga qaramay ushbu jinoyat hamon odamlarning tilida turli mish-mishlarga qorishib yuradi: kimdir “boyning dushmani boy bo‘ladi-da” desa, boshqa birov “bu ishda juda katta odamlarning qo‘li bo‘lgan” deydi. Xo‘sh, aslida tadbirkorni kim va nima maqsadda o‘ldirgandi? Kun.uz mazkur jinoyat tafsilotlarini o‘rgandi.

Shomurod Nurmamatov kim?

Shomurod Nurmamatov Samarqandda o‘z davrining eng badavlat insonlaridan biri edi. Uni ko‘pchilik “noldan ko‘tarilgan” tadbirkor, saxiy inson sifatida tanigan. Uni yaqindan bilganlar borki, bosiq va vazmin, uzoqni ko‘ra oladigan tadbirli kishi edi, deb eslaydi.

Oiladagi 10 farzanddan biri bo‘lgan Shomurod Nurmamatov Past Darg‘om tumanida voyaga yetgan. U 1997-1998 yillarda tumanda firma tashkil qilib, avtomobillarga gaz quyish shoxobchasini ishga tushirgan.

Shundan so‘ng u tadbirkorligini sekin-asta rivojlantirib borgan. 2006-2007 yillarda Samarqand tumanining Buxori mahallasidan xonadon sotib olgan va ushbu uyga ko‘chib o‘tgan. Albatta, uy ham qasrdan kam emas, Nurmamatovning iqtisodiy imkoniyatiga mos edi.

Tadbirkor ushbu uyda turmush o‘rtog‘i Gulzoda Mamirova bilan birgalikda yashab kelgan. Farzandlari esa asosan Toshkent shahrida o‘qish bilan mashg‘ul bo‘lishgan.

2013 yilga kelib Shomurod Nurmamatov bir nechta “metan-zapravka”, to‘yxona va boshqa mulklarning egasiga aylangandi. Shu sababli odamlar uni yirik boylardan biri sifatida bilishardi.

Ayiqqa berilmagan yegulik

2009 yilda tadbirkor Past Darg‘om tumanida “Shermamat ota” to‘yxonasini ishga tushiradi. Unga ish boshqaruvchi sifatida Feruz, ish boshqaruvchiga yordamchi sifatida esa Rohat ismli yigitlar tayinlanadi.

Rohat avvaldan Shomurod Nurmamatovga uy ishlarida ko‘maklashib yurardi. Ustalarga qarash, uy yumushlarini bajarish, hatto xonadondagi ayiqni boqish ham uning zimmasida edi. Yigit to‘yxonada ish bo‘lmagan kunlari Shomurod Nurmamatovning uyida tunab qolaverardi. Sababi tadbirkor uni o‘z o‘g‘li kabi yaxshi ko‘rgan.

2013 yil 13 oktyabr kuni tushga yaqin to‘yxonaga Gulzoda Mamirova kelib, ishni nazorat qiladi hamda Rohatga “Biz bugun Shomurod aka bilan Toshkentga bolalarning oldiga ketyapmiz, soat 16:00 larda uyga boring, qarovchi bo‘lib qolasiz”, deydi. Yigit aytilgan vaqtda uyga boradi. Tadbirkor va ayoli Toshkentga ketadi. Ketish oldidan Rohatga xushyor bo‘lishni tayinlashadi.

O‘sha kuni soat 19:00 larda Shomurod Nurmamatov Rohatga qo‘ng‘iroq qiladi. “Kuzatuv kamerasiga tushunasanmi? Uyni kimdir suratga tushiribdi, shuni ko‘r-chi, keyin menga aytasan» deydi suhbat chog‘ida tadbirkor. Rohat kuzatuv kameralari xotirasi yozib olinadigan xonaga kirib, 1 kun oldingi yozuvlarni ko‘rib chiqadi. Ammo uy atrofida e’tibor tortgulik begona shaxslar ko‘rinmaydi.

2013 yil 17 oktyabr kuni tadbirkor va turmush o‘rtog‘i poytaxtdan qaytadi. Shu bilan Rohat to‘yxonaga ketib, o‘z ishlari bilan mashg‘ul bo‘ladi.

Shomurod Nurmamatov uyida ayiq ham boqardi. Deyarli har kuni to‘yxonaga borib, ishni nazorat qiladigan Gulzoda Mamirova uyga qaytishda ayiqqa berish uchun ortib qolgan go‘sht va boshqa ovqatlardan olib ketardi.

2013 yil 21 oktyabr kuni restoranda to‘y bo‘lsa ham Gulzoda Mamirova to‘yxonaga kelmaydi. Rohat ertasi kuni, ya’ni 22 oktyabr ertalab Feruzga ayiq uchun yegulik berib, tadbirkorning uyiga olib borishni aytadi va unga darvoza kalitini berib yuboradi. Xonadonga borgan Feruz esa Rohatga qo‘ng‘iroq qilib, uy darvozasi ochilmayotganini, eshikni taqillatsa-da hech kim qaramayotganini bildiradi.

Rohat o‘zi borib ochishini aytib, tadbirkorning uyiga qarab yo‘l oladi. Yetib borgach, Feruzning qo‘lidan kalitni olib, darvoza eshigini ochmoqchi bo‘ladi. Ammo eshik ochilmaydi. Sababi eshikka ichkaridan kalit tiqib qo‘yilgandi.

Rohat uyga qo‘shni tomondagi devor orqali oshib tushadi. So‘ngra teraska orqali darvozaxonaga o‘tadi. Shunda uning ko‘zi darvoza yaqinida yiqilib yotgan Shomurod Nurmamatovga tushadi. Darvoza yonidagi temir seyf ham eshigi ochilgan holda turardi. Rohat darvozani ochadi va to‘yxona ish boshqaruvchisi Feruz ham kirib, holatni ko‘radi.

Yigitlar nima bo‘lganligini bilish maqsadida kuzatuv kameralari xotirasidagi yozuvlarni ko‘rmoqchi bo‘lishadi. Ammo kuzatuv kamerasining prosessori olib ketilgandi.

Jinoiy reja

Samarqanddagi badavlat odamlarni bosqinchilik to‘li bilan tunash rejasi jinoyat sodir etilishidan ancha oldin Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida tuzilgandi. Faqat kimni qachon tunash haqida hali bir to‘xtamga kelinmagan edi.

Jinoiy guruhga Abdunazar Beknazarov rahbarlik qilgan. Mirergash Mamatqulov, Yunus Ernapasov, O‘lmas Xoliqov va Doniyor ismli shaxslar esa jinoiy guruh a’zolari bo‘lgan.

Jinoiy guruh a’zolari Rossiyada ishlab yurgan vaqtlarida Abdunazar Beknazarovning ta’siri ostida diniy jamoatga birlashishgan. Ular Samarqandga qaytib, bosqinchilik va qotillik orqali boy odamlarning mulkiga egalik qilish, qo‘lga kiritilgan boyliklarni jihod yo‘lida sarflashni maqsad qilishgan.

Abdunazar Beknazarov va Mirergash Mamatqulov 2013 yil 9 oktyabr kuni poyezdda Rossiyadan Samarqandga kelishgan. So‘ngra guruh a’zolari Samarqand shahrida ijaraga olingan kvartirada reja tuzishgan. Ular elektroshok, pichoq, beysbol bitasi bilan qurollanishgan.

O‘xshamagan ikki urinish

Guruh a’zolari avvaliga Ilhom ismli fermer va bankda ishlovchi Sobir ismli shaxslarga nisbatan bosqinchilik qilmoqchi bo‘ladi.

Shu maqsadda ular 2013 yil 11 va 12 oktyabr kunlari kechqurun bosqinchilik hamda qotillik qilish uchun Sobirning uyi atrofiga borishadi. Ammo birinchi gal begona erkak, ikkinchi gal esa qo‘shnilarning ko‘chada janjal qilishi ishning “beliga tepadi”.

So‘ngra jinoyatchilar Ilhom ismli fermerning yeriga borishadi. Biroq har kuni mashinada dalasiga bir kelib ketadigan fermer o‘sha kuni kelmaydi. Shu tariqa ikki urinish o‘xshamaydi.

Agent”ga aylangan enaga

Dastlabki urinishlar amalga oshmagach, jinoiy guruh a’zolaridan biri Yunus Ernapasov Shomurod ismli boy odam borligini, jiyani Maftuna Ernapasova uning uyida enagalik qilganini aytib qoladi.

Tadbirkorga tegishli to‘yxonada salat tayyorlovchi bo‘lib ishlagan Maftuna Ernapasova chindan ham Gulzoda Mamirovaning taklifiga binoan gohida ularning xonadoniga borib, Shomurod Nurmamatovning kenja qiziga enagalik qilib turardi. Shu sababli u uyning qayerida qanday xona borligini, kim qaysi xonada uxlashini, seyfning turish joyini yaxshi bilardi.

Yunus Ernapasov jiyanidan bu narsalarni so‘rab, uyning chizmasini chizib oladi. Shu tariqa, Maftuna Ernapasova ham jinoiy to‘daga qo‘shilib qoladi.

Qasrdagi qonli tun

Jinoiy guruh a’zolari 2-3 kun Shomurod Nurmamatovning uyini kuzatishadi: xonadonga qayerdan kirish mumkinligini, kuzatuv kameralari joyini bilib olishadi.

2013 yil 19 oktyabr kuni kechda jinoyatchilar elektroshok, bita va pichoq bilan qurollanib, tadbirkorning uyi yoniga kelishadi. Lekin Doniyorni notanish erkak ko‘rib, u bilan suhbatlashib qoladi. Shu sababli o‘sha tunda jinoiy reja amalga oshmaydi.

Ertasiga, 20 oktyabr kuni soat 22:00 larda Abdunazar Beknazarov va Mirergash Mamatqulov yana tadbirkorning uyi oldida paydo bo‘ladi. Ular qo‘ng‘iroq qilib, Yunus Ernapasovni chaqirishadi. O‘lmas Xoliqov uzoqda ekanligi uchun uni chaqirishmaydi, Doniyor esa qo‘ng‘iroqqa javob bermaydi.

Shu tariqa jinoiy guruhning uch a’zosi – Abdunazar Beknazarov, Mirergash Mamatqulov va Yunus Ernapasov niqob sifatida qora shapkani yuzlariga bostirib kiyib, soat 24:00 dan keyin uzum voyishi orqali hovliga kirishadi. Abdunazar Beknazarov doim ko‘zoynak taqib yurardi. Ammo o‘sha kuni u ko‘ziga linza taqib kelgandi.

Jinoyatchilar hovliga kirishi bilan uy oldiga mashina keladi. Undan tushgan ayol va erkak uyga kirib ketadi. Ular atrofda nima sodir bo‘layotganligini sezishmagandi.

Maftuna Ernapasova Rohat ismli yigit Shomurod Nurmamatovga uy ishlarida qarashib yurishini, u ko‘p hollarda darvozaxona yonidagi xonada uxlashini aytgandi. Shu sababli Mirergash Mamatqulov o‘sha xonaga, Abdunazar Beknazarov va Yunus Ernapasov esa yotoqxonaga qarab ketadi. Lekin Rohat o‘sha tunda to‘yxonada yotib qolgandi va uyda tadbirkor va ayoli yolg‘iz edi.

Yotoqxonaga kirgach Abdunazar Beknazarov elektroshokni olib, uxlab yotgan Shomurod Nurmamatovning bo‘yniga uradi. Biroq elektroshok ishlamay qoladi. Uyg‘onib ketgan tadbirkor o‘rnidan turib Abdunazar Beknazarovga musht tushiradi. Zarbadan uning bir ko‘zidagi linza tushib ketadi. Qolaversa, jinoyatchi deraza orqali hovliga yiqilib tushgan, ketidan chiqqan tadbirkor uni do‘pposlay boshlagandi. Shu vaqtda Rohatning xonasidan chiqib kelgan Mirergash Mamatqulov yugurib borib Shomurod Nurmamatovga ikki marta pichoq uradi. Shunday qilib tadbirkor voqea joyida, darvozaxonada halok bo‘ladi.

Bu paytda Yunus Ernapasov tadbirkorning turmush o‘rtog‘i Gulzoda Mamirovaning bo‘g‘ziga pichoq tirab o‘tirgandi. Undan seyfning kalitini so‘rab olishadi. So‘ngra qo‘l va oyoqlarini bog‘lab, boshiga sellofan kiygizgan holda bo‘g‘ib o‘ldirishadi.

Qotillar seyfdan oltin va brilliantdan ishlangan 50 turdagi taqinchoqlarini, 30 ming AQSh dollari va 12 mln so‘m pulni olishadi. Keyin kuzatuv kamerasining prosessorini olib, uydan chiqib ketishadi. Mirergash Mamatqulov jinoyatda foydalanilgan pichoq va boshqa narsalarni yo‘q qiladi, prosessorni esa qurilishi bitmagan bino ichiga otib yuboradi.

Qotillarning qo‘lga olinishi

Jinoyatning ertasi kuni guruh a’zolari yana ijaraga olingan kvartirada to‘planishadi. Qo‘lga kiritilgan boylik o‘zaro taqsimlanadi. So‘ngra Mirergash Mamatqulov va Abdunazar Beknazarov Navoiy shahriga borib, u yerdan poyezdga chipta sotib olgan holda Rossiyaga jo‘nab ketishadi. Oradan 2 kun o‘tib Yunus Ernapasov ham samolyotda uchib boradi. Shu tariqa jinoiy guruhning uch a’zosi Sankt-Peterburg shahrida uchrashadi.

Bu orada tanishi bilan qo‘ng‘iroqlashgan Yunus Ernapasov 2013 yil 27 oktyabr kuni Doniyor o‘zini Samarqand shahrida portlatib yuborganini eshitadi. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari ularning jinoyatini fosh qilishganini bilib, uchalasi Maxachqal’a shahriga qochib ketishadi. Jinoyatchilar 2013 yil noyabr oyida qo‘lga tushishgan va keyinchalik O‘zbekistonga olib kelingan.

Jazo

Abdunazar Beknazarov vafot etgan. Shu sababli jinoiy ishning unga tegishli qismi tugatilgan.

Sud hukmi bilan Mirergash Mamatqulov Jinoyat kodeksi 97-moddasi (Qasddan odam o‘ldirish) 2-qismining “a,j,i,o,p” bandlari va 164-moddasi (Bosqinchilik) 4-qismining “a,v” bandlari bilan aybli deb topilgan. Unga 24 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Jazoning dastlabki 3 yilini turmaga qamash tariqasida o‘tattirish belgilangan.

Shu moddalar bilan Yunus Ernapasov 23 yil (dastlabki 3 yilini turmaga qamash tariqasida o‘tattirish), Maftuna Ernapasova 12 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosiga tortilgan. Oliy Majlisi Senatining 2013 yil 12 dekabrdagi amnistiya qarori bilan Maftuna Ernapasovaga tayinlangan jazoning o‘talmagan qismi to‘rtdan biriga qisqartirilgan.

O‘lmas Xoliqovga Jinoyat kodeksining 25,97-moddasi 2-qismi “i,o,p,r” bandlari va 25,164-moddasi 4-qismi “a,v” bandlariga asosan 20 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Ruslan Saburov,
Kun.uz
Material Oliy sud axborot xizmati bilan hamkorlikda tayyorlandi.

Kiritildi: 17:09 29.01.2025. O'qildi: 3105 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!