Rossiya maxsus xizmatlari prezident Vladimir Putinning xavfsizligini ta’minlash uchun barcha kerakli choralarni ko‘rmoqda. Bu haqda Rossiya prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov amerikalik jurnalist Taker Karlsonning shov-shuvli bayonotiga javoban gapirgan.
«Rossiya maxsus xizmatlari jamoat xavfsizligini ta’minlash va albatta davlat qo‘riqlovidagi shaxslar, birinchi navbatda davlat rahbari daxlsizligi yo‘lida barcha kerakli choralarni ko‘rmoqda», – degan D.Peskov.
Gap shundaki, amerikalik taniqli jurnalist Taker Karlson kuni kecha boshqa bir amerikalik jurnalist, siyosiy sharhlovchi Mettyu Taybbi bilan suhbatda sobiq prezident Jo Bayden ma’muriyati Putinga qarshi suiqasd uyushtirishga uringani haqida gapirgan. U Putinni o‘ldirishga urinishni «aqlsizlik» deb atagan.
Ziddiyatli shaxs deb ko‘riladigan Karlson ushbu iddaosini tasdiqlovchi biror dalil keltirmagan. U, shuningdek, sobiq davlat kotibi Entoni Blinken AQSh va Rossiya o‘rtasida urush chiqarishga uringanidan bahs etgan.
Amerikalik jurnalist Taker Karlson 2024 yil fevral oyida Putin bilan katta intervyu uyushtirgan edi. Putin Karlson bergan minbardan foydalanib, yana Ukraina va G‘arbni harbiy mojaroni boshlaganlikda ayblagandi.
Putinga qarshi suiqasdga urinishlar haqida avval ham xabarlar tarqalgan. Masalan, 2022 yilda Buyuk Britaniyaning Sun nashri shu mazmunda xabar chop qilgan, ammo Kreml uni rad etgan edi.
2023 yil may oyida Ukrainaga tegishli dronlar Kremlga qadar uchib kelgani esa Putinga suiqasd va terakt deya baholangani ma’lum.