Ukraina yetakchisi Vladimir Zelenskiy AQSh prezidenti Donald Trampning "Ukraina Rossiyaga qaraganda tinchlikka kamroq intilyapti" degan so‘zlariga qo‘shilmasligini bildirdi. Bu haqda u payshanba kuni, 15 yanvarda NATO bosh kotibi Mark Ryutte bilan telefon orqali suhbatidan so‘ng e’lon qilingan videomurojaatida aytdi.
"Biz Qo‘shma Shtatlar bilan diplomatik choralar haqida ham gaplashdik. Ukraina hech qachon tinchlikka to‘siq bo‘lmagan va hech qachon bo‘lmaydi", — dedi Ukraina prezidenti.
Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, Rossiyaningning Ukraina energetika infratuzilmasiga davom etayotgan hujumlari Moskva tinchlikni xohlamayotganini namoyon qiladi. "Aynan Rossiya raketalari, dronlari va Moskvaning Ukrainani yo‘q qilishga urinishi Rossiya umuman kelishuvlarga qiziqmasligining yaqqol isbotidir", — deya fikr bildirdi Zelenskiy.
Avvalroq Donald Tramp Reuters agentligiga bergan intervyusida Ukraina, Rossiyadan farqli ravishda, “tinchlik kelishuviga kamroq tayyor” ekanini aytgan edi. Nega AQSh rahbarligidagi muzokaralar to‘rt yillik urushni tugatishga olib kelmagani haqidagi savolga Tramp “Zelenskiy”, deb javob bergan, ammo tafsilotlarga aniqlik kiritmagandi.