Agentlikka ko‘ra, Ukraina tomoni maxsus operasiya o‘tkazgani va buning natijasida Xanti-Mansiy avtonom okrugida joylashgan magistral gaz quvuri portlatilganini bildirgan. Qayd etilishicha, ushbu quvur Rossiyaning uchta mintaqasidagi mudofaa korxonalariga gaz yetkazib beradi.
Vaziyatdan xabardor bo‘lgan Ukraina harbiy razvedkasi vakilining so‘zlariga ko‘ra, hodisa payshanbaga o‘tar kechasi sodir bo‘lgan. Hujum nishoni bo‘lgan gaz quvuri yiliga 2,6 milliard kub metr gaz o‘tkazish quvvatiga ega bo‘lib, Moskvadan taxminan 3000 kilometr uzoqlikda joylashgan.
Manbaning aniqlik kiritishicha, bu quvur Orenburg, Chelyabinsk va Sverdlovsk viloyatlaridagi harbiy korxonalarni gaz bilan ta’minlab kelgan. Bu mintaqalar Xanti-Mansiydan bir necha ming kilometr uzoqlikda joylashgan.
Bloomberg ushbu xabarni mustaqil ravishda tasdiqlay olmaganini bildirgan. Rossiyaning gaz transport tizimiga egalik qiluvchi va uni boshqaruvchi “Gazprom” kompaniyasi esa bu borada rasmiy izoh bermagan.