AQSh prezidenti Donald Tramp Ukrainaga oid tinchlik rejasi 28 ta banddan 22 bandga qisqartirilganini ma’lum qildi. U bu haqda «Air Force One» bortida jurnalistlar bilan suhbatda ma’lumot berdi.
Jurnalistlar Trampdan ayrim respublikachilarning «dastlabki 28 bandli loyiha Rossiya uchun juda qulay» ekanligi haqidagi tanqidlariga munosabat so‘radi.
«Bu reja emas – konsepsiya edi. Muzokarada 28 band ko‘rib chiqildi va uni 22 tagacha qisqartirishdi. Ko‘p bandlar bo‘yicha yechim topildi va ular juda yaxshi yechimlar. Endi natijasini ko‘ramiz», – dedi Tramp ularga javoban.
Tramp Ukraina Rossiyaga hududiy imtiyoz berishi kerakligini yana bir bor takrorladi. U frontdagi vaziyatni misol qilib keltirdi.
«Hammasi bir yo‘nalishda ketyapti. Bir necha oy ichida bu yerlar Rossiya tomonidan baribir egallanishi mumkin. Yoki siz 50–60 ming odamni yana yo‘qotib, urushni davom ettirmoqchimisiz? Yoxud hozir yechim topmoqchimisiz?» – dedi Tramp.
Qo‘shma Shtatlar prezidentining aytishicha, maxsus vakili Stiven Uitkoff kelasi hafta Moskvaga borib, Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan tinchlik rejasi bo‘yicha muzokaralar olib boradi.
Prezident shuningdek, muzokaralarda ishtirok etayotgan kuyovlaridan biri — Jared Kushner ham ehtimol Moskvaga safar qilishi mumkinligini bildirdi.
Eslatib o‘tamiz, 23 noyabrda Jenevada AQSh va Ukraina delegasiyalari yangilangan tinchlik rejasini tayyorlashdi.
Financial Times nashrining xabar berishicha, reja 28 banddan 19 bandgacha qisqartirilgan.
ABC News esa loyihadan Ukraina Qurolli Kuchlari sonini qisqartirish talabi hamda urush davridagi harakatlar uchun to‘liq amnistiyani nazarda tutuvchi bandlar chiqarib tashlangani haqida yozdi.