Ukraina bir necha oy ichida Kursk viloyatining bosib olingan hududlarini boy berishi mumkin. Bu haqda Bloomberg xabar berdi.
Agentlikning amerikalik mulozimlar orasidagi suhbatdoshlari Ukraina Qurolli kuchlari Kursk viloyatida egallab olgan hududning yarmini allaqachon yo‘qotganini aytishmoqda.
"Ukraina harbiylari qolgan hududlarni bahorgacha ushlab turishlari mumkin, shundan so‘ng ularning qurshovga tushib qolishi xavfi mavjud. Bu Kiyevni Moskva bilan ehtimoliy muzokaralarda muhim bosim vositasidan mahrum qiladi. Shu bilan birga, ukrainalik harbiylar Kursk viloyatida rejalashtirilganidan ko‘proq vaqt qolishga muvaffaq bo‘ldi", deb yozadi Bloomberg.
Agentlik suhbatdoshlarining fikricha, Ukraina Qurolli kuchlarining muvaffaqiyatiga AQShning Rossiyaga chuqur zarbalar berishga ruxsat bergani yordam berdi.
Bloomberg'ning boshqa manbasiga ko‘ra, KXDR Kursk viloyatiga Ukraina armiyasiga qarshi kurashayotgan 12 ming harbiydan tashqari qo‘shimcha ravishda 8 mingga yaqin askarini yuborishi mumkin.