Bugun 18 noyabr, 2026 yil, chorshanba

КИР

Ukraina armiyasi kuniga 1000 dan ortiq jangovar robotdan foydalanmoqda

Ukraina armiyasi kuniga 1000 dan ortiq jangovar robotdan foydalanmoqda

Ukraina harbiylari granatomyotlar, portlovchi moddalar va hatto tankka qarshi qurollar bilan jihozlangan jangovar robotlardan tobora ko‘proq foydalanmoqda. Oktyabr oyi oxirida Liman atrofida robotlar hatto piyoda askarlar hamrohligisiz Rossiya pozisiyalariga hujum qilgan.

Rossiya propaganda roliklarida ushbu hujum muvaffaqiyatsiz deb ko‘rsatilgan. Harbiy kanallarda tarqatilgan videolarda dronlar robot mashinalarni nishonga olayotgani aks etgan va ularning barchasi yo‘q qilingani iddao qilingan. Bu ma’lumotlarni mustaqil ravishda tekshirish imkoni yo‘q. Biroq Ukrainaning ushbu hujumi urush jarayoni tobora robotlashib borayotganini ko‘rsatadi.

«Ukraina hozirda harbiy quruqlik robotlaridan foydalanish bo‘yicha yetakchi o‘rinlardan birini egallamoqda», — dedi Yevropa tashqi aloqalar kengashi (ECFR) harbiy eksperti Ulrike Franke BILD nashriga bergan intervyusida.

Uning ta’kidlashicha, bunday qurilmalar uchuvchisiz uchish apparatlari bilan hamkorlikda ishlashi alohida ahamiyatga ega. Dronlar robotlar uchun «ko‘z» vazifasini bajaradi, ya’ni ularning harakatini boshqaradi va hatto front chizig‘idan o‘tkazishda yordam beradi.

«Bunday hamkorlik harbiy sohada mutlaqo yangi imkoniyatlarni ochmoqda», — deya izohladi Franke.

Ukraina Mudofaa vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, oktyabr oyida quruqlik robotlari 31 398 ta logistika va evakuasiya operasiyasini amalga oshirgan. Yanvar oyida esa bu ko‘rsatkich atigi 7511 tani tashkil etgan.

Hozircha robotlarning aksariyati bevosita jangovar harakatlarda ishtirok etmayapti. Frankening aytishicha, ular asosan yuk tashish, yarador va halok bo‘lgan harbiylarni evakuasiya qilish uchun qo‘llanilmoqda.

Etik muammo

Robotlarning zaif jihatlaridan biri — ularning radioaloqasi raqib tomonidan to‘sib qo‘yilishi mumkin. Shu sababli sun’iy intellekt yordamida boshqariladigan quruqlik robotlari tobora ko‘proq vazifalarni mustaqil bajarmoqda.

Bu esa jiddiy axloqiy muammolarni keltirib chiqarishi mumkin. Agar mashinalar inson hayoti va o‘limi bilan bog‘liq qarorlarni mustaqil qabul qila boshlasa, odamlarning halok bo‘lishi uchun kim javobgar ekanini aniqlash qiyinlashadi.

«Bunday holatda mashinadan tashqari yana kim javobgar ekanini aniqlash imkonsiz bo‘ladi», — deya ogohlantirdi Ulrike Franke.

Kiritildi: 20:30 15.11.2026. O'qildi: 775 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik