Bugun 29 iyul, 2025 yil, seshanba

КИР

O‘g‘irlagan o‘zi-yu, aybdor telefonmi? Quvada jinoyatchi qo‘lga tushdi

A A A
O‘g‘irlagan o‘zi-yu, aybdor telefonmi? Quvada jinoyatchi qo‘lga tushdi

Zamon shiddat bilan rivojlanib, aloqa vositalari hayotimizning ajralmas bo‘lagiga aylandi. Bugungi kunda deyarli har bir fuqaroda uyali telefon mavjud. Telefon hozirda nafaqat so‘zlashuv yoki xabar jo‘natish uchun, balki dunyo yangiliklaridan xabardor bo‘lish, o‘qish-o‘rganish, foto yoki videotasvirga olish, turli o‘yinlar o‘ynash va boshqa ko‘plab funksiyalarga ega bo‘lgani sababli, zamonaviy uyali telefonlar “smartfon” ya’ni aqlli telefon deb ataladi.

Shu bilan birga, bugungi kunda telefon aksariyat ko‘p jinoyatlarning ob’ektiga aylanganini ham ta’kidlash zarur. Yurtimizda deyarli har kuni birortasining telefoni o‘g‘irlangani yoki aldab olib ketilgani va telefondan foydalanib, katta miqdordagi mablag‘lar talon-toroj etilganini ommaviy axborot vositalari yoki birorta tanishdan eshitamiz.

So‘nggi oylarda jinoyat ishlari bo‘yicha Quva tumani sudida mazmunan ko‘rib chiqilgan ishlar tahlili shuni ko‘rsatmoqdaki, sodir etilgan aksariyat ishlarda aynan telefon sudlangan shaxslarning “nishoniga” aylangan. Bunga sabab hozirda telefonni almashtirish, ayirboshlash, sotish umuman olganda turli yo‘l bilan o‘tkazishning osonligidir.

Sudlangan Oripov Asadbek (familiyasi o‘zgartirilgan) ham telefonga “ishqibor”lardan chiqib qoldi. Yosh bo‘lsa-da, halol mehnat qilib hayot kechirish o‘rniga oson pul topish yo‘llarini qidirdi, o‘ylab-o‘ylab deyarli hammada uyali telefon borligi, egasini aldab telefonini egallasa uni arzonroq sotishi va nafsini qondirishi mumkinligini bilib, jinoiy ishini rejalashtirdi. Shundan so‘ng, Asadbek tuzgan rejasini amalga oshirishga kirishdi, 2021 yil 11 iyul kuni I.Shokirovning “Matiz” avtomashinasiga yo‘lovchi sifatida chiqdi, yo‘l davomida u bilan gaplashib, haydovchining narxi 3.600.000 so‘mlik “Red Mi 6” rusumli uyali telefonini ko‘rib, uni qo‘lga kiritish maqsadida haydovchini Qirguli mavzesidagi ko‘p qavatli uylarning birini oldiga olib borib, yo‘l haqi uchun puli yo‘qligi, shu uyda yashovchi qarindoshidan pul olib berishini aytib, I.Shokirovdan qarindoshiga qo‘ng‘iroq qilib olish uchun telefonini so‘rab oldi va mashinadan tushib o‘zini telefonda gaplashayotgandek ko‘rsatib, ko‘p qavatli uyga kirib, orqa tomondagi eshikdan chiqib qochib ketdi. Haydovchi I.Shokirov ancha vaqt yo‘lovchini pul olib tushib berishiga ishonib kutib zerikdi, yo‘l haqidan ham unga telefoni zarur-da, unda tegishli funksiyani yoqib, yo‘lovchini istalgan joyga eltish mumkin. I.Shokirov yo‘lovchi kirib ketgan uyda orqa eshik borligi va uning ochiq turganini ko‘rib aldanganini bildi, so‘ng bu haqda IIBga xabar berdi. A.Oripov esa “Red Mi 6” nomli telefonni arzonroq bo‘lsada birinchi uchragan xaridorga sotdi, pulini o‘zi uchun ishlatib yubordi.

Dona xalqimiz “go‘sht shirinligini tashlasa, o‘g‘ri o‘g‘riligini tashlaydi” deb bekorga aytmagan. Oson topilgan pul Asadbekka shirin tuyuldi va ertasigayoq, 2021 yil 12 iyul kuni jabrlanuvchi L.To‘raqulovning “Nexia” avtomashinasiga yo‘lovchi bo‘lib chiqib, uni ham Qirguli mavzesidagi “qarindoshining uyiga” olib keldi va narxi 1.200.000 so‘mlik “LG J-6” nomli telefonini qo‘ng‘iroq qilish uchun olib haydovchini aldab ketdi.

Bundan tashqari, A.Oripov 2021 yil iyul-avgust oyi davomida jabrlanuvchilar J.Zoxidov, R.Mirzaulug‘ov va SH.Sobirjonovning mashinasiga yo‘lovchi bo‘lib chiqib, ularga ham yuqoridagi “usul” bilan firib berib, uyali telefonlarini olib ketib, ularni sotib pullarni ehtiyojiga sarfladi.

Har bir ishning boshi bo‘lganidek uning yakuni ham bor. So‘ngi vaqtda IIBga jabrlanuvchilarni aldab ularning telefonini olib ketayotgan shaxsning Qirguli mavzesida “faoliyat ko‘rsatayotgani” haqida tushgan xabarlar tezkor xodimlarni hushyorlikka chorladi. Navbatdagi soddaroq haydovchini yolg‘oniga ishontirib, uning telefonini olib orqa eshikdan “quyon bo‘lmoqchi” bo‘lgan A.Oripov IIB xodimlari tuzog‘iga tushdi. Tergovda hamma jabrlangan haydovchilar uni tanib olishdi, ko‘plab dalillar oldida ojiz qolgan A.Oripov qilmishiga iqror bo‘ldi, sud jarayonida jabrlanuvchilarga yetkazilgan zararlarni bartaraf etdi va uning qilmishlariga telefon sababchi ekani, unga qiziqib egalaridan olib, so‘ng biroz ishlatib sotib yuborgani, kelgusida birovning telefonini so‘ramasligini aytdi.

Huquqshunoslar tadbiri bilan aytganda, har bir jinoyatning motivi bor, Asadbekning aytgani bo‘yicha barchasiga telefon aybdor.

Ha, sudda shaxs o‘z fikrini erkin bayon etadi, Asadbek ham ko‘nglidagi so‘zni aytgandir, asosiysi yuqoridagilardan o‘ziga to‘g‘ri xulosa chiqargani va haq yo‘lga tushgani muhim.

Zafarjon Omonov, jinoyat ishlari bo‘yicha Quva tumani sudining raisi

Kiritildi: 14:56 12.01.2022. O'qildi: 3496 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!