UYEFA prezidenti Aleksander Cheferin va KONKAKAF rahbari Viktor Montalyani FIFA prezidenti Janni Infantinoga tashkilotga a’zo 211 ta milliy futbol assosiasiyasining har biriga 10 million dollardan mablag‘ ajratishni taklif qildi.
Ularning fikricha, bunday moliyalashtirishni jahon chempionatiga oid tijoriy huquqlarni sotmasdan ham amalga oshirish mumkin.
Taklifga ko‘ra, milliy assosiasiyalarga jami 2,11 milliard dollar taqsimlanganidan keyin ham FIFA zaxirasida 2,6 milliard dollar mablag‘ qoladi.
Shuningdek, tashabbus mualliflari oltita qit’a futbol konfederasiyasining har biriga 36 million dollardan, mintaqaviy futbol ittifoqlariga esa 3 million dollardan ajratishni taklif qilmoqda.
Mazkur tashabbus Janni Infantinoning jahon chempionati va boshqa musobaqalarga oid tijoriy huquqlarning 20 foizini yangi tashkil etiladigan FIFA Forward Enterprise tuzilmasi orqali sotish rejasi bilan bog‘liq.
Avvalroq FIFA rahbari ushbu loyihani qo‘llab-quvvatlagan milliy futbol assosiasiyalariga qo‘shimcha moliyaviy yordam ajratilishini va’da qilgan edi.
Cheferin va Montalyani esa FIFAning mavjud moliyaviy imkoniyatlari a’zo assosiasiyalarni qo‘llab-quvvatlash uchun yetarli, deb hisoblamoqda.
Hozircha mazkur taklif yuzasidan yakuniy qaror qabul qilingani haqida ma’lumot berilmagan.