Saudiya Arabistoni, Ummon va Qatar mamlakatda davom etayotgan norozilik namoyishlari fonida Eronga qarshi hujumning oldini olish uchun Qo‘shma Shtatlarga ta’sir o‘tkazishga harakat qilmoqda.
Bu haqda The Wall Street Journal xabar berdi.
Fors ko‘rfazi davlatlari vakillari Eron hukumatini ag‘darishga urinishlar neft bozorlarida tartibsizliklarni keltirib chiqarishi va bu Amerika iqtisodiyotiga zarar yetkazishini ta’kidlamoqda. Xususan, ular Eronga qarshi hujumlar dunyo neftining beshdan bir qismi o‘tadigan Hormuz bo‘g‘ozi orqali tankerlar qatnovini to‘xtatishi mumkinligidan qo‘rqishadi.
The Wall Street Journalning Saudiya Arabistonidagi rasmiy manbalariga ko‘ra, Ar-Riyod Tehronga potensial mojaroga aralashmasligiga va Vashingtonga hujumlar uchun o‘z havo hududidan foydalanishga yo‘l qo‘ymasligiga ishontirgan. Gazeta Saudiya Arabistoni "o‘sib borayotgan beqarorlik"ga ayniqsa sezgir ekanligini ta’kidlaydi: rasmiylar mahalliy ommaviy axborot vositalaridan Erondan qasos olmaslik uchun norozilik namoyishlarini yoritishni cheklashni so‘rashgan.