Bugun 23 iyun, 2025 yil, dushanba

КИР

Twitter asoschisi Jek Dorsining yangi "markazlashtirilmagan" ijtimoiy media tarmog‘i: Bluesky

A A A
Twitter asoschisi Jek Dorsining yangi "markazlashtirilmagan" ijtimoiy media tarmog‘i: Bluesky

Twitter asoschisi Jek Dorsi boshchiligidagi yangi "markazlashtirilmagan" (boshqaradigan ma’lum tashkilot yoki serveriga ega bo‘lmagan) ijtimoiy media platformasi Bluesky beta-testlar ustida ishlamoqda.

Ilon Mask Twitter'ni 44 milliard dollarga sotib olganidan so‘ng kompaniyaning kelajagi haqidagi muhokamalar davom etarkan, Maskning foydalanuvchilarni ba’zi funksiya va qo‘shimchalar uchun pul to‘lashga chaqirgani ko‘plab reaksiyalarga sabab bo‘ldi va ba’zi mashhur shaxslar Twitter'ni tark etishi mumkinligi haqida xabar berdi.

Twitter'ning ko‘plab yuqori martabali xodimlarini ishdan bo‘shatib, direktorlar kengashini tarqatib yuborgan va o‘zini vaqtinchalik yagona hukmron deb e’lon qilgan Maskning bosh og‘rig‘iga sabab bo‘ladigan eng muhim voqea bu Twitter'ga yangi raqobatchilarning paydo bo‘lishidir.

Bluesky "markazlashtirilmagan" Web 3.0 texnologiyasi bilan ishlashi taxmin qilinmoqda. Dorsi allaqachon beta versiyasini sinab ko‘rmoqchi bo‘lganlarni platformadan foydalanishga taklif qilgan. Ushbu chaqiriqdan so‘ng, ikki kun ichida 30 mingdan ortiq ishtirok etish so‘rovi kelib tushgani ma’lum qilindi.

Dorsining blokcheynga asoslangan Bluesky platformasi hali faoliyatini boshlamagan bo‘lsa-da, foydalanuvchilar hozirdan beta-versiyaga arziya topshirishlari mumkin.

Gizmodo texnologik sayti ma’lumotlariga ko‘ra, Bluesky'ning asosiy xususiyatlaridan biri uning "AT Protocol" nomli texnologiyasining foydalanuvchilarga o‘z algoritmlarini boshqarish imkonini berishidadir.

Ushbu platformaning yana bir o‘ziga xosligi shundaki, turli tarmoqlardagi hisoblar ushbu tarmoqqa to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘tkazilishi mumkin. Shuningdek, bitta ilovada turli platformalar o‘rtasida almashish imkoniyati ham mavjud bo‘ladi.

Bluesky veb-saytida "Bluesky" nomli mobil ilova qisqa vaqt ichida foydalanishga topshirilishi xabar qilingan.

Dorsi 2019 yilda Twitter'ning "ijtimoiy tarmoqlar uchun ochiq va markazlashmagan standart"ni ishlab chiqish bo‘yicha sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlashini ta’kidlagan edi.

O‘zining avvalgi bayonotlarida, "Yangi platformaga ehtiyoj bor. Bu alohida kompaniya bo‘lmasligi mumkin", degan Dorsi, Twitter'ning shifrlangan xabar almashish ilovasi Signal'ga o‘xshash "ochiq manbali protokol"ga ega bo‘lishi kerakligini ma’lum qilgan edi.

Kiritildi: 01:07 04.11.2022. O'qildi: 2674 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!