— O‘g‘limga uylanishidan oldin otasi mashina olib bergan. To‘ydan keyin xotini bilan ko‘p yashamadi. Kelinim o‘g‘lini olib, uyiga ketib qolganicha ajrashishga ariza berdi. Yaqinda uy-joy va mashinadan ulush so‘rayotganini bilib qoldim. Uy erimni nomida, mashina o‘g‘limga rasmiylashtirilgan bo‘lsa-da, to‘ydan oldin olingan. Shunda ham xotini ulush talab qilishi mumkinmi? O‘zi bu vaziyatda kelinim nimalarga haqli?
Ismi sir tutildi.
G‘ayrat ERGASHEV, fuqarolik ishlari bo‘yicha Yakkasaroy tumanlararo sudi raisi:
— Oila kodeksining 23-moddasiga ko‘ra, er va xotinning nikoh davomida orttirgan mol-mulklari, shuningdek nikoh qayd etilgunga qadar, bo‘lajak er-xotinning umumiy mablag‘lari hisobiga olingan mol-mulklari, agar qonun yoki nikoh shartnomasida boshqacha hol ko‘rsatilmagan bo‘lsa, ularning birgalikdagi umumiy mulki hisoblanadi.
Ushbu Kodeksning 25-moddasiga ko‘ra, er va xotinning nikohga qadar o‘ziga tegishli bo‘lgan mol-mulki, shuningdek ulardan har birining nikoh davomida hadya, meros tariqasida yoki boshqa bepul bitimlar asosida olgan mol-mulki ulardan har birining o‘z mulki hisoblanadi.
Yuqorida qayd qilingan modda talabiga ko‘ra, o‘g‘lingiz nikohga kirguniga qadar uning nomiga olingan avtomashina uning shaxsiy mulki hisoblanadi, ushbu avtomashinada keliningizning ulushi mavjud emas.
Shuningdek, uy-joy eringizning nomida bo‘lsa, ushbu uy-joyda ham keliningiz ulushi mavjud emas bo‘lib, keliningiz ushbu mol-mulklardan ulush talab qilish huquqi ega emas.
Uy-joy kodeksining 32-moddasiga ko‘ra, uy, kvartira mulkdorining oila a’zolari, shuningdek u bilan doimiy yashayotgan fuqarolar, agar ularni ko‘chirib kelgan paytda yozma ravishda boshqa hol qayd etilgan bo‘lmasa, uydagi, kvartiradagi xonalardan mulkdor bilan teng foydalanishga haqlidirlar. Ular mulkdor bergan turar joyga o‘zlarining voyaga yetmagan farzandlarini ko‘chirib kiritishga haqlidirlar. Oilaning boshqa a’zolarini esa, uy, kvartira mulkdorining roziligi bilangina ko‘chirib kiritishlari mumkin. Bu shaxslar uy, kvartiraning mulkdori bilan oilaviy munosabatlarni tugatgan taqdirda ham ularda turar joydan foydalanish huquqi saqlanib qoladi. Uy, kvartiraning mulkdori bilan uning sobiq oila a’zolari, shuningdek u bilan doimiy yashayotgan fuqarolar o‘rtasida turar joydan foydalanish tartibi taraflar kelishuvi bilan belgilanadi.
Agar keliningiz turmush o‘rtog‘ingizni nomidagi uy-joyga kelin bo‘lib tushgan bo‘lsa va ushbu uyda doimiy ro‘yxatda tursa, kelin bo‘lib tushgan vaqtida turmush o‘rtog‘ingiz va keliningiz o‘rtasida ushbu uy-joyda muayyan vaqtgacha yashash to‘g‘risida kelishuv tuzilmagan bo‘lsa, keliningizda ushbu uy-joydan foydalanish huquqi mavjud bo‘ladi.
Uy-joy kodeksining 52-moddasiga ko‘ra, munisipal, idoraviy uy-joy fondi va aniq maqsadli kommunal uy-joy fondining uylaridagi turar joyni ijaraga oluvchi, uning oila a’zolari yoki ijaraga oluvchi bilan doimiy yashayotgan fuqarolar vaqtincha bo‘lmaganida turar joy olti oy muddat davomida ularning hisobida saqlanib turadi.
Ushbu Kodeksning 54-moddasiga ko‘ra, fuqarolarni belgilangan muddatdan ortiq bo‘lmaganlari oqibatida munisipal, idoraviy uy-joy fondi va aniq maqsadli kommunal uy-joy fondining uylaridagi turar joydan foydalanish huquqini yo‘qotgan deb topish ijaraga beruvchining yoki ushbu turar joyda yashab qolgan boshqa doimiy foydalanuvchilarning da’vo arizasiga binoan sud tartibida amalga oshiriladi.
Biroq, keliningizning ushbu uy-joydan foydalanish huquqi yuqorida qayd qilingan modda talabiga ko‘ra, uyda yashamayotgan bo‘lsa, olti oy davomida saqlanib turadi. Olti oylik muddat o‘tgach, turmush o‘rtog‘inigiz yoki uyda yashovchi boshqa doimiy foydalanuvchilar, jumladan sizning ham da’vo arizangizga ko‘ra, keliningizning ushbu uy-joydan foydalanish huquqi sudning hal qiluv qaroriga asosan yo‘qotgan deb topilishi mumkin.