Joriy yil 28 mart kuni Qoraqalpog‘iston To‘rtko‘l tumanida Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva boshchiligida Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashining sayyor majlisi bo‘lib o‘tdi.
Unda Milliy va hududiy kengashlarning a’zolari, senatorlar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi va xalq deputatlari tuman, shahar Kengashlari deputatlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, vazirlik hamda idoralar rahbarlari, faollar va boshqa tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.
Majlis kun tartibi doirasida Qoraqalpog‘iston Respublikasida kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish va korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi ishlar holati muhokama qilindi.
Qayd etilganidek, mamlakatimizda korrupsiya va jinoyatchilikka qarshi kurashish ishlari mazmun va sifat jihatidan yangi bosqichga chiqdi.
Joriy yil 5 mart kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda Prezident SH.Mirziyoyev korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha mavjud vaziyatni va ustuvor yo‘nalishlarni tushuntirib bergan edi.
Shu kundan e’tiboran bu boradagi ishlar belgilab berilgan yo‘nalish va vazifalarga mos ravishda qayta ko‘rib chiqildi hamda faollashtirildi.
Barcha soha vakillari va mas’ullar oldiga qo‘yilgan vazifa va talablar doirasida asosiy e’tibor hududlarga qaratilgani bejiz emas.
Shundan kelib chiqib, Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashining sayyor majlisi ham aynan To‘rtko‘l tumanida o‘tkazildi.
Majlisda parlament palatalarining mas’ul qo‘mitalari raislari boshchiligida alohida ishchi guruhlar tuzilib, kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish va korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha joylardagi real holatni o‘rganish borasida ishlar olib borilayotgani alohida qayd etildi.
Xususan, Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Qutbidin Burxonov boshchiligidagi ishchi guruh tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududlarida keng qamrovli o‘rganishlar olib borildi.
O‘rganish natijalari bo‘yicha mutasaddilarning tegishli axborotlari eshitildi.
Hududda kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish va korrupsiyaga qarshi kurashishda ichki ishlar, sog‘liqni saqlash, maktabgacha va maktab ta’limi tizimlarida ko‘plab masalalar e’tibordan chetda qolayotgani qayd etildi.
Sohalarga mas’ul bo‘lgan rahbarlar tomonidan qayd etilgan masalalar yuzasidan tushuntirishlar berildi.
To‘rtko‘l tumanini “korrupsiyadan xoli hudud”ga aylantirish bo‘yicha alohida chora-tadbirlar rejasi amalga oshirilishi belgilandi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha hududiy kengash bilan birgalikda mazkur loyiha doirasida barcha mutasaddi vazirlik, idoralar faoliyatini muvofiqlashtirgan holda, belgilangan vazifalarning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishini ta’minlashi qayd etildi.
Muhokama yakuni bo‘yicha mas’ullar zimmasiga tegishli vazifalar yuklandi.