Aniqlanishicha, ota-onasidan erta ayrilgan S.S. o‘zining qonuniy vasiylarining roziligisiz, Turkiya oliy o‘quv yurtlarida tahsil olish maqsadida Istanbul shahriga kelgan. U O‘zbekistonlik tanishining tavsiyasi bilan Turkiyada tahsil olayotgan, A.D. ismli shaxs bilan bog‘langan.
Turkiyaga kelganidan so‘ng S.S. ni A.D. kutib olgan va unga bosim o‘tkazib, uni fohishalik bilan shug‘ullanishga majburlagan. Qarshilik qilgan taqdirda esa uni mahalliy jinoiy guruhlarga topshirish bilan qo‘rqitgan.
O‘z hayoti xavf ostida qolganini anglagan S.S. yordam so‘rab diasporamiz vakillariga murojaat qilgan. Faollar tomonidan Bosh konsulxonaga olib kelingan va mazkur fuqaroning holati o‘rnatilgan tartibda ko‘rib chiqilgan.
Ushbu holatga aloqador shaxslarga nisbatan tegishli choralar ko‘rish bo‘yicha ishlar tashkil etilgan.
2025-yil 14-aprel kuni Bosh konsulxona, “O‘zbek xotin-qizlari huquqlarini himoya qilish jamiyati” va O‘zbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi bilan hamkorlikda voyaga yetmagan yurtdoshimizning Vatanga qaytishini tashkil etdi va u belgilangan tartibda davlat qaramog‘iga topshirildi.
O‘zbekistonda S.S. Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan kutib olindi va hozirda uni oilaviy muhitga qaytarish bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.
Bosh konsulxona fursatdan foydalanib, barcha yurtdoshlarimizni voyaga yetmagan farzandlarining taqdiriga befarq bo‘lmaslikka, ularning xavfsizligi va huquqiy himoyasiga alohida e’tibor qaratishga chaqiradi!