Bugun 2 avgust, 2025 yil, shanba

КИР

Turkiyadagi neolit davriga oid Chatalho‘yuk manzilgohida ayollar jamiyati mavjudligi aniqlandi

Turkiyadagi neolit davriga oid Chatalho‘yuk manzilgohida ayollar jamiyati mavjudligi aniqlandi

Turkiyaning arxeologik maydonida davom etayotgan qazishmalar, restavrasiyalar va tadqiqotlar natijasi insoniyat tarixi haqidagi tushunchamizni chuqurlashtirishda davom etmoqda. Yaqinda o‘tkazilgan genomik tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, Turkiyaning markazidagi neolit davriga oid Chatalho‘yuk aholi punktida ayollar jamiyati tashkil qilingan, bu esa ilk qishloq xo‘jaligi jamiyatlarida ayollarning markaziy roli haqida ajoyib nuqtai nazarni taqdim etadi. Ilmiy tadqiqot, shuningdek, vaqt o‘tishi bilan o‘zgaruvchan qarindoshlik tuzilmalarini kuzatdi va asrlar davomida ijtimoiy normalar qanday rivojlanganiga oydinlik kiritdi. Hozirgi vaqtda Chatalho‘yuk dunyoda insoniyat tarixidagi eng qadimgi shahar sifatida e’tirof etiladi, u atrofdagi qishloqlarni bir markaz ostida birlashtirgan ilk maskan bo‘lib, zamonaviy shahar sivilizasiyasining boshlanish nuqtasi hisoblanadi.

YUNESKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan va hozirgi Konya viloyatida joylashgan Chatalho‘yuk, shuningdek, odamlar o‘z uylarining tagiga dafn etilgan noyob yerosti dafn etish amaliyoti bilan ham mashhur. Turkiya hamda boshqa 10 davlatdan 47 genetik, arxeolog va biologik antropologlarning 12 yillik hamkorligi natijasida yakunlangan va yaqinda Science jurnalida chop etilgan tadqiqot qabrlarni tahlil qilish orqali hududdagi qarindoshlik va gender dinamikasi haqida ajoyib xulosalar berdi. Olimlar qadqiqotlari doirasida miloddan avvalgi 8000-5800 yillarda yashagan 395 kishining skelet qoldiqlarini tahlil qildilar va 35 ta uyga dafn etilgan 131 nafar shaxsga oid DNK tahlilini muvaffaqiyatli yakunladilar.

Genetik taqqoslashlar shuni ko‘rsatdiki, Chatalho‘yuk xonadon a’zolarini o‘zaro bog‘lashda ayol erkakka qaraganda muhimroq rol o‘ynagan. Ayollar har bir xonadonning asosiy tayanchi bo‘lgan, erkaklar esa ehtimol boshqa joylarga ko‘chib yurgan. Bundan tashqari, yosh ayol qabrlarida erkak qabrlariga qaraganda ko‘proq qabr buyumlari mavjud. Bu Onado‘lidan kelib chiqqan Yevropa neolit davriga oid manzillarda keng tarqalgan erkak hukmronlik qiladigan tizimlar erta dehqonchilik jamiyatlarining tabiiy xususiyati emasligini ko‘rsatadi.

Tadqiqot shuningdek, vaqt o‘tishi bilan Chatalho‘yukdagi qarindoshlik munosabatlari o‘zgarib borganini aniqladi. Ayni bir binoga dafn etilgan odamlar bu manzilgohning dastlabki bosqichlarida odatda o‘xshash genetik tuzilishga ega bo‘lgan, bu esa uyning biologik oila a’zolari tomonidan ishlatilganini ko‘rsatadi. Biroq keyingi davrlarda bunday genetik qarindoshlik kamyob bo‘lib qoldi, bu esa qon-qarindoshlikning ijtimoiy tuzilmadagi markaziy ahamiyatini asta-sekin yo‘qota boshlaganini anglatadi. Tadqiqotchilarning fikricha, bu o‘zgarishlarni homiylik va farzand asrab olish mexanizmlarining keng qo‘llanilishi kabi madaniy omillar bilan bog‘lash mumkin.

Chatalho‘yuk: Neolit davriga oid shahar tipidagi posyolkalar

Chatalho‘yuk 9000 yil oldin mavjud bo‘lgan jamiyat haqida tasavvur beradi. Ziyoratchilar ushbu qadimiy jamiyatning nafosatini aniq ko‘rsatuvchi turli qoldiqlar orqali insoniyat tarixining ilk o‘tmishiga sayohat qilishlari mumkin. Maydon o‘zining katta o‘lchami, aholi punktining uzoq umr ko‘rganligi, klaster usulida qurilgan va tomga kirish imkoniyatiga ega bo‘lgan orqama-ketin uylar, shuningdek, devor rasmlari va releflari bilan ajralib turadi. Ushbu topilmalar jamlanmasi shaharsozlik, barqaror turmush tarzi, ijtimoiy tashkilot va madaniy amaliyotlar haqida batafsil tushunchani namoyon etadi.

Arxeologik maydonning eng mashhur topilmalari orasida ona ma’buda kulti va ko‘plab ayol haykalchalari mavjud. Anqaradagi Onado‘li sivilizasiyalari muzeyida Chatalho‘yuk topilmalarining boy kolleksiyasi, jumladan, ayol haykalchalari mavjud bo‘lsa-da, qazilma maydonini bir vaqtlar insoniyat hayotining ilk belgilari kurtak yozgan hudud sifatida sayr qilish o‘zgacha taassurot qoldirishiga shak-shubha yo‘q.

Bundan tashqari, Turkiya madaniy merosni asrab-avaylash bo‘yicha 2023 yilda Chatalho‘yukda zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan axborot va ziyoratchilar markazini ochdi. Arxeologik maydon ichida joylashgan ushbu markaz interaktiv ekranlar va maftunkor multimedia installyasiyalari orqali Chatalho‘yuk haqida keng qamrovli ma’lumot beradi.

Kiritildi: 13:58 24.07.2025. O'qildi: 689 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!