Hodisa Turkiyaning Chanakkale provinsiyasida yuz berdi. Ma’lum bo‘lishicha, yo‘lovchi avtobusi, yog‘och ortilgan yuk mashinasi va yengil avtomobil to‘qnashib ketishi natijasida YTH sodir bo‘lgan.
Voqea Chanakkale-Ezine trassasida sodir bo‘lgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, yoqilg‘i ortilgan yuk mashinasi ag‘darilib, qarama-qarshi yo‘lga chiqib ketgan. U yerda yo‘lovchi avtobusi va yengil avtomobil bilan to‘qnashib ketgan. Hodisa oqibatida 8 kishi halok bo‘ldi, yana 20 kishi turli darajadagi jarohatlar oldi.
Voqea joyiga tezda tez yordam, o‘t o‘chiruvchilar, jandarmeriya va polisiya xodimlari yetib keldi.
Chanakkale provinsiyasi gubernatori O‘mer Toraman, yuk mashinasi haydovchisining voqea joyida halok bo‘lganini aytdi. Avtobusda 25 kishi, jumladan 3 nafar ekipaj a’zosi bo‘lgan. Besh nafar yo‘lovchi voqea joyida, yana uch nafari shifoxonada vafot etgan. Bir necha kishining ahvoli og‘ir deb baholanmoqda.
Turkiya Adliya vaziri Yilmaz Tunch halok bo‘lganlarning oila a’zolariga hamdardlik bildirib, jarohat olganlarning tezroq sog‘ayib ketishini tiladi. Shuningdek, u bu ish har tomonlama tekshirilishini aytdi.
Avtotransport harakati vaqtincha to‘xtatildi va keyinchalik muqobil yo‘nalishlar orqali qayta ochildi. Ezine shahar prokuraturasi fojiali voqea yuzasidan tergov olib bormoqda. Ikki prokuror hodisa sabablarini o‘rganmoqda.