Turkiya tashqi ishlar vaziri Hakan Fidan Saudiya Arabistoniga xusiylar hujumlari fonida Makka kelishuvi bo‘yicha Ar-Riyodga yordam ko‘rsatishni istisno qilmadi.
Hakan Fidan bu bayonotni NTV telekanalida jonli efirda jurnalistning savoliga javob berish chog‘ida aytib o‘tdi.
"Biz Saudiya Arabistonining hududiy yaxlitligi, suvereniteti va infratuzilmasiga qarshi juda jiddiy hujumlar amalga oshirilayotganini ko‘rmoqdamiz. Agar kelishuvimizga nazar tashlasak (Makka kelishuvi nazarda tutilgan), mamlakatlar o‘rtasida ittifoqchilik majburiyatlari mavjud. Prezidentimiz ham o‘z va’dasini bajaradigan yetakchi. Bu masalada biz birdamlikni namoyish etamiz", dedi Fidan.
Tashqi ishlar vaziri Makka kelishuvida ishtirok etuvchi davlatlar bilan aloqalar davom etayotganini ta’kidladi.
"Bizda ommaga oshkor qilinmagan aloqalar mavjud. Texnik nuqtai nazardan, ularning harbiy ehtiyojlari bo‘lishi mumkin va biz ularni qondirishda hech qanday muammoga duch kelmaymiz", dedi u.
Shuni ta’kidlash kerakki, 7 avgust kuni Saudiya Arabistoni, Turkiya va Pokiston Makkada kollektiv mudofaa shartnomasini imzoladilar. Kelishuvga ko‘ra, ishtirokchi davlatlardan biriga qilingan hujum uchalasiga ham qilingan hujum deb hisoblanadi. Husiylarning Saudiya Arabistoniga qilgan hujumlari Turkiya va Pokistondan Ar-Riyodga yordam ko‘rsatish masalasini ko‘tardi.