Bugun 20 aprel, 2024 yil, shanba

КИР

Turkiya qo‘shinlari Suriya hududiga bostirib kirdi. Asosiy ma’lumotlar

Turkiya qo‘shinlari Suriya hududiga bostirib kirdi. Asosiy ma’lumotlar

Turkiya 9 oktyabr kuni kunduzi «Tinchlik bulog‘i» operasiyasini boshladi. Operasiyaning bosh maqsadi sifatida Suriyaning Turkiya bilan chegaradosh shimoliy qismida ISHID terrorchilari va kurdlarning O‘z-o‘zini mudofaa qilish bo‘linmalari jangchilaridan xoli, davomiyligi salkam 500 kilometr va Suriya ichkarisi tomon taxminan 30 kilometr kirib borgan xavfsizlik hududini yaratish ekani e’lon qilingan. Rasmiy Anqaraning bayonotlariga ko‘ra, bu 1—2 million suriyalikning o‘z vataniga xavfsiz qaytishiga imkon beradi.

Operasiyaga aviasiya, artilleriya va quruqlikdagi bo‘linmalar jalb qilingan. Operasiya kurdlar nazorati ostidagi to‘rtta shahar — Ras-al-Ayn, Tell-al-Abyad, Al-Qamishli va Ayn-Issaning bombardimon qilinishi bilan boshlandi; ushbu shaharlarda istiqomat qiluvchi minglab aholi uy-joyini tashlab, qochishga majbur bo‘ldi. Huquqni himoya qilish tashkilotlari ma’lumotlariga ko‘ra, turk aviasiyasi zarbalari oqibatida umumiy hisobda sakkiz nafar tinch aholi vakili, shuningdek, bir necha nafar kurd ko‘ngilli jangchilari halok bo‘lgan.

Kun botganidan so‘ng quruqlikdagi qo‘shinlar Turkiyadan Suriya tomon yo‘lga chiqdi — ular bosqinni uch yo‘nalish bo‘ylab boshlagan; chegara hududlarda turk harbiylari va kurdlar o‘rtasida to‘qnashuvlar yuz bergan. Operasiya boshlanganidan so‘ng Suriya hududidan Turkiya tomon kamida oltita raketa uchirilgan — ularning birortasi vayrongarchilik va qurbonlarga sabab bo‘lmagan.

Xalqaro jamoatchilik Turkiyaning harakatlarini qoraladi. AQSh prezidenti Donald Tramp Vashington «ushbu hujumni oqlamasligini va Turkiyaga ushbu operasiya — yomon operasiya ekanini tushuntirgani»ni ma’lum qilgan, shuningdek, agar kurdlarning ommaviy o‘ldirilishi holatlari qayd etilsa, Anqaraga nisbatan jiddiy sanksiyalar joriy etilishi mumkinligidan ogohlantirgan. NATO bosh kotibi Yens Stoltenberg esa, Turkiya o‘z chegaralari xavfsizligidan xavotirlanish uchun asoslarga ega ekanini qayd etgani holda, Anqarani mintaqadagi vaziyatni yanada beqarorlashtirmaslikka chaqirgan.

BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish yuzaga kelgan vaziyatdan «favqulodda xavotirda» ekanini bildirgan, Yevropa Ittifoqining diplomatik bloki rahbari Federika Mogerini esa Turkiyadan «bir tomonlama harbiy harakatlarni to‘xtatish»ni talab qilgan. Misr BMT Xavfsizlik kengashining shoshilinch yig‘ilishini o‘tkazishga chaqirgan; Reuters ma’lumotlariga ko‘ra, shunday yig‘ilish 10 oktyabr kuni o‘tkazilishi mumkin. Suriya hukumati esa (Turkiya operasiya boshlayotgani haqida Suriya rasmiylarini rasman ogohlantirgani aytilmoqda) Turkiyaning ushbu harakatlarini «agressiya» deb baholadi.

Rossiya esa hozircha operasiya yuzasidan biror bir tayinli munosabat bildirganicha yo‘q. 9 oktyabr kuni tongda Vladimir Putin va Rajab Toyyib Erdo‘g‘on telefon orqali suhbatlashgan va unda Erdo‘g‘on rossiyalik hamkasbini operasiya boshlanayotganidan boxabar qilgan. Kreml matbuot xizmati «Vladimir Putin turkiyalik hamkorlarni Suriya inqirozini tartibga solish bo‘yicha umumiy sa’y-harakatlarga zarar yetkazmaslik uchun vaziyatni izchil hisob-kitob qilishga chaqirgani»ni ma’lum qilgan edi. Shundan so‘ng na Rossiya Tashqi ishlar vazirligi va Kreml Turkiyaning Suriyaga bosqini yuzasidan biror rasmiy bayonot berdi.

Kiritildi: 10:54 10.10.2019. O'qildi: 2875 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!