Turkiya Qora dengizda yangi gaz zaxiralarini aniqladi.
Bu haqda mamlakat prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an ma’lum qildi.
"Mutaxassislarimiz “Gektepe-3” qudug‘ida ulkan gaz zaxirasini aniqlashdi. Uning hajmi 75 milliard kub metr, iqtisodiy qiymati 30 milliard dollarga teng. Bu kon taxminan uch yarim yil davomida uy xo‘jaliklarimizni gaz bilan ta’minlay oladi", — deb yozdi Erdo‘g‘an “X” ijtimoiy tarmog‘ida.
Turkiya prezidenti Istanbuldagi chiqishida mazkur quduqdagi tadqiqot ishlari 27 mart kuni boshlangani va 16 may kuni 3 500 metr chuqurlikda yakunlanganini ma’lum qildi.
Erdo‘g‘oanning so‘zlariga ko‘ra, hozirda Qora dengizdagi gaz konlari mamlakatdagi taxminan 4 million xonadonni gaz bilan ta’minlamoqda, 2028 yilga qadar bu ko‘rsatkichni to‘rt barobarga oshirish rejalashtirilgan.
"Biz yo‘limizdan to‘xtamay davom etamiz. Tanqidchilar va to‘siqlarga qaramasdan, Turkiyaning to‘liq energetik mustaqilligi maqsadiga erishmaguncha orqaga chekinmaymiz", — deya ta’kidladi Erdo‘g‘an.