Ukrainani dushman davlat deb biladigan Rossiya fuqarolarining ulushi 2014 yildan buyon eng past darajaga tushdi. Bu haqda 19 may, dushanba kuni e’lon qilingan Butunrossiya jamoatchilik fikrini o‘rganish markazining (VTSIM) hisobotida ma’lum qilingan. VTSIM tomonidan 2025 yil aprel oyida o‘tkazilgan so‘rovda ishtirokchilarning 38 foizi Ukrainani Rossiya Federasiyasi bilan "eng keskin, dushmanlik munosabatlari mavjud" mamlakatlar qatoriga kiritgan.
Hujjatda ta’kidlanishicha, Rossiya Qrimni o‘ziga qo‘shib olgan va Ukraina sharqida harbiy harakatlarni boshlagan 2014 yilda bu ko‘rsatkich 32 foizni, 2018 yilda 39 foizni, 2019 yilda 53 foizni, 2022 yilda esa 43 foizni tashkil etgan. Shunday qilib, hozirda Ukraina, so‘rov natijalariga ko‘ra, Rossiya uchun "eng dushman" davlatlar ro‘yxatida to‘rtinchi o‘rinni egallab turibdi. Uch yil oldin u AQShdan keyin ikkinchi o‘rinda turgan edi.
O‘z navbatida, so‘nggi 11 yil davomida rossiyaliklarning 67-76 foizi dushman deb hisoblab kelgan Amerika Qo‘shma Shtatlari bugungi kunda 27 foiz ko‘rsatkich bilan atigi beshinchi o‘rinni egallab turibdi.
Hozirda rossiyaliklar uchta asosiy dushman sifatida Fransiya (so‘rovda qatnashganlarning 48 foizi), Buyuk Britaniya (42 foiz) va Germaniyani (41 foiz) ko‘rsatishmoqda. Birinchi o‘ntalikka shuningdek, Polsha (26 foiz), Latviya, Litva, umuman olganda Boltiqbo‘yi davlatlari va "Evropa Ittifoqi/Evropa mamlakatlari" (har biri 9 foizdan) ham kirgan. Tegishli savol ochiq tarzda berilgan bo‘lib, respondentlarga beshtadan ortiq bo‘lmagan javobni o‘zlari ko‘rsatishlari taklif etilgan.