Turkiya AQShda parranda grippi tufayli yuzaga kelgan tuxum taqchilligini kamaytirish maqsadida 15 ming tonna tuxum eksport qilishni boshladi. Bu haqda Reuters agentligi xabar berdi.
Turkiya tuxum ishlab chiqaruvchilar ittifoqi raisi Ibrohim Afyonning ma’lum qilishicha, eksport joriy yilning fevral oyida boshlanib, iyulgacha davom etadi. Jami 700 ta konteyner tuxum jo‘natiladi va bu tadbir uyushmaga a’zo bo‘lgan tegishli lisenziyaga ega korxonalar tomonidan amalga oshiriladi.
Turkiya dunyodagi eng yirik tuxum eksport qiluvchi mamlakatlardan biridir. Kelishuv doirasida Turkiya 26 million dollarga yaqin daromad olishni rejalashtirmoqda.
AQShda parranda grippining avj olishi mamlakatda tuxum taqchilligini kuchaytirib, narxlarning 36,8 foizga oshishiga olib keldi. Shu munosabat bilan AQSh rasmiylari vaqtinchalik import choralarini qo‘llab-quvvatlamoqda. AQSh Qishloq xo‘jaligi vazirligi bu borada hech qanday izoh bermadi.