Bugun 27 iyul, 2026 yil, dushanba

КИР

Turkiy Madaniyat va Meros Jamg‘armasi Ozarbayjonda o‘tkazilayotgan Turkiy Dunyo Haftaligi doirasida “Birinchi Turkologiya Qurultoyi” nomli fundamental monografiyani taqdim etdi

A A A
Turkiy Madaniyat va Meros Jamg‘armasi Ozarbayjonda o‘tkazilayotgan Turkiy Dunyo Haftaligi doirasida “Birinchi Turkologiya Qurultoyi” nomli fundamental monografiyani taqdim etdi

2026-yil 30-iyun kuni Turkiy Madaniyat va Meros Jamg‘armasi qarorgohida Turkiy Dunyo Haftaligi doirasida “Birinchi Turkologiya Qurultoyi” nomli ilmiy monografiyaning taqdimot marosimi bo‘lib o‘tdi. Akademik Nizomiy Jafarov, professor Mahira Huseynova hamda filologiya fanlari doktori Aysel Garibli muallifligidagi mazkur nashr Jamg‘arma tomonidan ozarbayjon, qozoq va rus tillarida chop etildi.

Ta’kidlash joizki, Turkiy Dunyo Haftaligi Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Janobi Oliylari Ilhom Aliyevning 2025-yil 22-oktyabrdagi **“Birinchi Turkologiya Qurultoyining 100 yilligini nishonlash to‘g‘risida”**gi Farmoniga muvofiq tashkil etilmoqda. Shuningdek, Birinchi Turkologiya Qurultoyining 100 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlar turkumini o‘tkazish tashabbusi 2025-yil 7-oktyabr kuni Ozarbayjon Respublikasining Gabala shahrida bo‘lib o‘tgan Turkiy Davlatlar Tashkiloti (TDT) Davlat rahbarlarining XII sammitida a’zo davlatlar rahbarlari tomonidan bir ovozdan qo‘llab-quvvatlangan.

Monografiyada 1926-yili Bokuda o‘tkazilgan Birinchi Turkologiya Qurultoyining tarixiy missiyasi, uning turkiy xalqlarning ilmiy va madaniy taraqqiyotiga qo‘shgan ulkan hissasi har tomonlama yoritilgan. Shuningdek, unda etnografiya, orfografiya, terminologiya, alifbo, til va adabiyot masalalari chuqur ilmiy tahlil qilingan.

Tadbirning rasmiy qismini Turkiy Madaniyat va Meros Jamg‘armasi prezidenti, professor Aktoti Raimqulova ochib berdi. U o‘z nutqida Birinchi Turkologiya Qurultoyi turkiy xalqlarning umumiy ilmiy va madaniy xotirasida alohida o‘rin tutishini, taqdim etilgan monografiya esa umumturkiy ilmiy tafakkur taraqqiyoti hamda bugungi kunda Turkiy dunyo birligi va integrasiyasini mustahkamlayotgan g‘oyalarni aks ettiruvchi fundamental ilmiy asar ekanini ta’kidladi.

Shundan so‘ng Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi Malik Otarbayev, Ozarbayjon Respublikasi Madaniyat vaziri maslahatchisi va Ozarbayjonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi Orxan Fikratog‘lu, Boku davlat universiteti Turkologiya fakulteti dekani professor Maharram Mammadov, Boku davlat universiteti Ozarbayjon tilshunosligi kafedrasi mudiri professor Tofiq Hojiyev hamda “Ədəbiyyat qəzeti” gazetasi bosh muharriri Azer Turan so‘zga chiqib, monografiyaning ilmiy va madaniy ahamiyati haqida fikr bildirdilar.

Tadbir yakunida monografiya mualliflari — Ozarbayjondagi Otaturk markazi direktori, akademik Nizomiy Jafarov, filologiya fanlari doktori, professor Mahira Huseynova hamda filologiya fanlari doktori Aysel Garibli nashr tarixiy xotirani asrash, umumiy ma’naviy qadriyatlarni mustahkamlash va Turkiy dunyo ilmiy hamkorligini rivojlantirishga xizmat qilishini ta’kidladilar. Shuningdek, ular kitobdan o‘rin olgan qator qiziqarli tarixiy ma’lumotlar bilan tadbir ishtirokchilarini tanishtirdilar.

Badiiy dastur yosh ijrochi Atilla Garibning “Olovlar yurti” qo‘shig‘i bilan boshlandi. Shundan so‘ng IX Mug‘om teleko‘rik-tanlovi finalchisi hamda “Yilning eng faol yoshlari” mukofoti sovrindori Yusif Jafarbayli Saxovat Mammadov (tor), Mihir Guliyev (kamoncha) va Loqmon Mammadov (naqqora) jo‘rligida mug‘om ijro etdi.

Eslatib o‘tamiz, mazkur monografiya bundan avval, 2026-yil 22-may kuni Qozog‘iston Respublikasi Milliy kutubxonasida Birinchi Boku Turkologiya Qurultoyining 100 yilligiga bag‘ishlangan Jamg‘armaning fundamental ilmiy nashrlari taqdimoti doirasida ham keng jamoatchilikka taqdim etilgan.

Kiritildi: 20:17 01.07.2026. O'qildi: 733 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!