Bugun 23 oktyabr, 2024 yil, chorshanba

КИР

Turkiy ekologiya kengashi tashkil etiladi

Turkiy ekologiya kengashi tashkil etiladi

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning ochiq va pragmatik tashqi siyosati, o‘zaro munosabatlarni mustahkamlash borasidagi tashabbuslari tufayli so‘nggi yillarda qo‘shni, yaqin va uzoq mamlakatlar bilan mutlaqo yangi — siyosiy va iqtisodiy aloqalar yo‘lga qo‘yildi. Xalqaro hamkorlikning yangi yo‘nalishlari, yangi mexanizmlari joriy etildi.

Turkiy davlatlar tashkiloti(TDT) ana shunday yangi muloqot maydonlaridan biri hisoblanadi. Ushbu tashkilot 2009 yil 3-oktabrda Ozarbayjonning Naxichevan shahrida tuzilgan. Unga dastlab Turkiya, Ozarbayjon, Qozog‘iston va Qirg‘iziston a’zo bo‘lgan. O‘zbekiston ushbu nufuzli xalqaro tuzilmaga 2019 yilda qo‘shilgan. Ushbu tashkilotga a’zo davlatlar hududi qariyb 4 million kvadrat kilometrni tashkil etadi. TDT O‘zbekiston qo‘shilgandan so‘ng nufuzi, salohiyati va ahamiyati jihatidan Yevroosiyo markazidagi yirik tuzilmaga aylandi.

Mazkur tashkilotning asosiy maqsadi qardosh mamlakatlar o‘rtasida ishonch va aloqalarni mustahkamlash, savdo-iqtisodiyot, transport, energetika, turizm va madaniy-gumanitar sohalarda hamkorlikni rivojlantirish, mintaqada tinchlik va xavfsizlikni ta’minlash borasidagi sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirishdir.

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 6 iyul kuni Ozarbayjonning Shusha shahrida Turkiy davlatlar tashkilotining navbatdagi sammitida ishtirok etdi. Kun tartibiga muvofiq, mintaqaviy tinchlik, savdo, investisiyalar, transport va kommunikasiyalar, ta’lim va madaniyat sohalaridagi ko‘p qirrali munosabatlarni har tomonlama kengaytirish va mustahkamlash masalalari ko‘rib chiqildi.

Prezidentimiz barcha sohalar kabi iqlim o‘zgarishlariga qarshi birgalikda kurashish, «yashil» energetikani rivojlantirish, Orolbo‘yi ekologik muammolariga e’tiborni qaratib, bu borada yangi tashabbuslarni ilgari surdi. Shuningdek, mavjud muammolarni tizimli hal etish uchun vazirlar darajasida Turkiy ekologiya kengashini tuzish taklifi ham bildirildi. Mazkur tuzilma qarorgohini ekologik ofatdan eng ko‘p zarar ko‘rgan hudud – Orolbo‘yidagi yirik shahar Nukusda joylashtirish ayni muddao bo‘lishi ta’kidlab o‘tildi.

Shuningdek, joriy yilning noyabr oyida Bokuda o‘tkaziladigan Birlashgan Millatlar Tashkilotining 29-Iqlim sammiti (COP – 29) barcha mamlakatlarimiz uchun ulkan tarixiy voqea bo‘lishi hamda O‘zbekiston mazkur nufuzli anjumanda faol ishtirok etishi va bu borada Ozarbayjonga har tomonlama ko‘maklashishga tayyor ekanligi bildirildi.

Nufuzli tadbirda O‘zbekistonning yashil energetika sohasidagi siyosati, xususan 2030 yilgacha qayta tiklanuvchi energiya quvvatlarini keskin oshirish, energetika balansida ularning ulushini 40 foizga yetkazish maqsadlari xaqida ma’lumot taqdim etildi.

Albatta, mazkur sammitda davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan barcha yo‘nalishlardagi tashabbuslar aniq dastur va loyihalarga aylantirish orqali hayotga tadbiq etiladi. Bu esa o‘z navbatida, turkiy davlatlarda yashayotgan xalqlarning taraqqiyoti va tinchligi uchun muhim ahamiyat kasb etadi.

Kiritildi: 15:25 10.07.2024. O'qildi: 649 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!