Istanbulda Turkiy davlatlar tashkiloti temiryo‘l ma’muriyatlari rahbarlarining ikkinchi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda transport vazirligi matbuot xizmati.
Qayd etilishicha, 14 sentyabr kuni o‘tkazilgan majlisda o‘zaro va umumiy hamkorlikning bir qator muhim masalalari muhokama qilindi.
Xususan, muhokama qilingan masalalardan biri 2022 yil dekabr oyida Turkiyadan O‘zbekistonga birinchi yuk yo‘nalishli poyezdi ishga tushirilgani bo‘ldi. Uchrashuv ishtirokchilari TDTning boshqa a’zo davlatlar va kuzatuvchi davlatlar o‘rtasida shunga o‘xshash yo‘nalishli poyezdlarini tashkil etish bo‘yicha tashabbuslarini qo‘llab-quvvatladi.
Shuningdek, TDT doirasida iqtisodiy jihatdan samarali va o‘z vaqtida xalqaro temiryo‘l yo‘laklarini yaratish imkoniyatlari muhokama qilindi. Ishtirokchilar multimodal transport yo‘nalishlarini, xususan, Xitoy—Qirg‘iziston—O‘zbekiston temiryo‘l liniyasini rivojlantirish muhimligini ta’kidladi.
Ushbu yo‘lak TDTga a’zo davlatlar va qo‘shni mintaqalar o‘rtasidagi savdo va iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash uchun katta imkoniyatlarga ega. Shuningdek, TDDT hududida muqobil, iqtisodiy jihatdan samarali va o‘z vaqtida xalqaro temiryo‘l yo‘laklarini yaratish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Temiryo‘l infratuzilmasini strategik rivojlantirish va me’yoriy-huquqiy bazani takomillashtirish ham muhokama mavzusiga aylandi. Uchrashuv ishtirokchilari muammolar va kamchiliklarni bartaraf etish, shuningdek, davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rish zarurligi to‘g‘risida kelishib oldi.