Turkish Airlines aviakompaniyasiga tegishli samolyot portlash tahdidi sabab Barselonadagi El-Prat aeroportiga favqulodda qo‘nishni amalga oshirdi.
Bu haqda Catalunya Radio manbalarga tayanib ma’lum qildi.
Havo kemasi tekshiruvdan o‘tkazilganidan so‘ng, xavfsizlik kuchlari bortda portlovchi qurilmalar yo‘qligini ma’lum qildi.
Gap Istanbul — Barselona yo‘nalishi bo‘yicha parvoz qilgan TK1853 reysi haqida bormoqda. Layner mahalliy vaqt bilan taxminan soat 11:00 da Jozep Tarradelyas nomidagi aeroportga qo‘ngan. Samolyotda 148 nafar yo‘lovchi va 7 nafar ekipaj a’zosi bo‘lgan.
Samolyot Iberia aviakompaniyasi angari yonidagi izolyasiya qilingan hududga yo‘naltirilgan va u yerda yo‘lovchilar tushirilgan.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar yo‘lovchilarni tekshirdi va vaziyatni baholashda davom etmoqda.