Turizm jahon iqtisodiyotida yuqori daromadli va jadal rivojlanib boruvchi sohalardan hisoblanib, xalqaro ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy va madaniy aloqalarni mustahkamlashda muhim o‘rin egallamoqda.
Turizm qo‘mitasi raisi Umid Shodiyev AQShning O‘zbekistondagi elchisi Jonatan Henik bilan uchrashib, sohada hamkorlikni kengaytirish istiqbollarini muhokama qildi.
Elchi so‘ngi yillarda O‘zbekistonda turizm sohasi keng rivoj topib borayotganligini e’tirof etib, respublikadagi MICE-turizm imkoniyatlariga alohida e’tibor qaratdi.
Eslatib o‘tish joizki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2023 yil 16 oktyabr kuni Samarqand shahrida Butunjahon turizm tashkiloti (YUNVTO) Bosh assambleyasining 25-sessiyasi ochilish marosimida turizm sohasi jahon iqtisodiyotining eng tez rivojlanayotgan va istiqbolli tarmoqlaridan biri ekanini qayd etib, iqlim o‘zgarishlari tobora kuchayib borayotgan davrda “yashil” turizmni rivojlantirish bo‘yicha xalqaro Harakatlar dasturini qabul qilish har qachongidan ham dolzarb ekanligiga urg‘u bergan edi.
O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, Turizm qo‘mitasi raisi Umid Shodiyev va AQShning O‘zbekistondagi elchisi Jonatan Henik ishtirokidagi uchrashuvda tomonlar “yashil” turizmni rivojlantirish, kadrlar tayyorlash va hududlar salohiyatini oshirish yuzasidan qator takliflarni ko‘rib chiqdi.