Bugun 29 iyul, 2025 yil, seshanba

КИР

Tug‘ilishdan oldingi hayot yoxud uch zulmat ichidagi yorug‘lik

A A A
Tug‘ilishdan oldingi hayot yoxud uch zulmat ichidagi yorug‘lik

Olamdagi har bir hodisa sabab va qonuniyatlarsiz vujudga kelmaydi. Alloh taolo tabiat hodisalarini bir-biri bilan mustahkam bog‘langan qonunlar asosida barpo bo‘lishiga bog‘liq qilib qo‘ygan. Bu qonuniyatlar shunchalik daqiq va mukammalki, ularning biri izdan chiqsa, boshqasiga ta’sir qilmay qolmaydi.

Ammo Alloh taolo har bir narsaga qodir. Gohida O‘zi bu qonuniyatlardan boshqa hodisalarni ham paydo qilishi mumkin. Misol uchun insonning bir ota va onadan vujudga kelishi tabiiy bir hodisa. Ammo Alloh bu holatdan boshqa ko‘rinishda ham insonni yaratishga qodir. Bunga Iso alayhissalomning faqat bir onadan tug‘ilganini misol qilib keltirish mumkin.

Shuningdek, tabiatdagi hodisalar asta-sekinlik va bosqichma-bosqich tadrijiy ravishda rivojlanib boradi. Buni insonni yaratilishida ham ko‘rish mumkin. Yaratuvchi Zot insonni bir necha bosqich va holatlarda yaratganini Qur’oni karimda bayon qilgan. Bu yaratish bosqichlari esa, hozirgi zamonaviy vositalar orqali tekshirilganda muqaddas kitob bayon qilganidek ekanini ko‘rsatadi. Alloh taolo «Nuh» surasining 14-oyatida shunday bayon qiladi:

«Holbuki, U sizlarni (ona qornidagi vaqtingizdan boshlab) bosqichma bosqich yaratgan bo‘lsa».

Alloh taolo odamni Yer jinsidan yaratishni boshlaganining xabarini bergan. Qur’onda bu modda turli nomlar bilan ataladi. Albatta bu nomlar ularning xususiyatidan kelib chiqqan. Masalan, inson yaratilgan moddalar «tiyn», «turob», «solsol», «hamaim-masnun» deb marhamat qilinadi. Odam avlodlari esa ona qornidagi rivojlanish bosqichlarida «nutfa», «alaq» va «muzg‘a» degan holatlardan asta-sekin kelib chiqqan.

Inson embrionining o‘sish jarayoni Qur’oni karimda qanday bayon qilinganiga e’tibor qaratmoqchimiz. Alloh taolo marhamat qiladi:

«12. Qasamki, Biz insonni (Odamni) loyning sarasidan yaratdik. 13. So‘ngra uni (inson naslini, avvalo) mustahkam qarorgoh (bachadon)dagi maniy qildik. 14. So‘ngra maniyni laxta qon qilib yaratdik, bas, laxta qonni parcha go‘sht qilib yaratdik, bas, parcha go‘shtni suyaklar qilib yaratib, suyaklarga go‘sht qopladik, so‘ngra (unga jon kirgizib, oldingi holidan butunlay) boshqacha bir vujudni paydo qildik. Yaratuvchilarning eng go‘zali – Alloh barakotlidir!» (Mu’minun surasi).

Oyatda inson rivojlanish bosqichlari birma-bir zikr qilinmoqda. Alloh taolo ona vujudiga tushgan ota urug‘ini birdaniga inson shaklida yaratmadi. Balki, o‘zigagina ayon bo‘lgan hikmatga ko‘ra, tadrijiylik asosida rivojlanib borishini iroda qildi. Oyatdagi «boshqa bir vujudni paydo qildik» jumlasi alohida e’tiborga loyiqdir. Olimlarning ta’kidlashicha, embrion ikkinchi oyning avvalida bir suv jonzoti shaklida bo‘ladi. Ikkinchi oy davomida unda butunlay boshqacha o‘zgarishlar sodir bo‘lib, inson shakliga o‘tadi. «Boshqa bir vujudni paydo qilish», degani mana shu hodisadir.

Zamonaviy tekshiruvlar insonning ona qornida rivojlanishi to‘g‘risidagi oyatlar mazmuniga so‘zma-so‘z mos kelmoqda. Uzoq yillar shu sohada ilmiy izlanishlar olib borgan tadqiqotchi K.L.Mur shunday deydi:  «Etti hafta davomida, suyak­larning rivojlanishi bosqichida skeletning shakli embrionning umumiy ko‘rinishini belgilab beradi. Mushaklar bir vaqtning o‘zida rivoj­lanmaydi. Ularning rivojlanishi keyinroq boshlanadi. Mushaklar butun tana bo‘ylab suyaklar atrofida o‘z joylarini egallaydi va shundan so‘ng suyaklarni qoplab oladi. Mushak­lar bilan qoplab olish sakkizinchi hafta davomida sodir bo‘ladi».

Shuningdek, Alloh taolo insonning ona qornida rivojlanishining uch bosqichi borligini ham Qur’onda xabar bergan:

«U sizlarni onalaringizning qornida uch (qavat) zulmat ichida asta-sekin yaratur».

Uch qorong‘ilik – zulmat quyidagilardan iborat:

1) qorin bo‘shlig‘i qorong‘iligi;

2) bachadon qorong‘iligi;

3) yo‘ldoshning qorong‘iligi.

Qorin bo‘shlig‘i yon devorlari ham uchta qatlamni tashkil qiladi: tashqi, ichki va ko‘ndalang qorin mushaklari.

Bachadonning devori ham uchta qatlamdan iborat: tashqi, mushak, ichki qismlar.

Embirionni o‘rab turgan yo‘ldosh ham uch qatlamdan tashkil topgan: amnion (homila atrofidagi ichki membiriana), xorion (o‘rta amnion qatlam) va disidua (sirtqi amnion qatlami).

Insonning tug‘ilishidan oldingi hayoti uch bosqichga ega:

1) dastlabki embrional bosqich – birinchi ikki yarim hafta;

2) embirional bosqich – sakkizinchi haftaning oxirigacha;

3) homila bosqichi – sakkizinchi haftadan onaning ko‘zi yorigungacha davom etadi.

Dastlabki embirional bosqichi – birinchi bosqichda zigota bo‘linishi orqali o‘sadi va hujayralar to‘dasiga aylanganidan so‘ng, o‘zini bachadon devori ichiga berkitadi. O‘sish davomida bu hujayralar o‘zini u qatlamga ajratadi.

Embirional bosqich besh yarim hafta davom etadi. Bu davrda bola «embirion» deb ataladi. Bu bosqich mobaynida bola tanasining asosiy a’zolari va tizim hujayra qatlamlaridan paydo bo‘ladi.

Homila bosqichidan boshlab bola «homila» deb yuritila boshlaydi. Ona qornida ikkinchi oyning oxiridan (to‘qqizinchi hafta) boshlab tug‘ish vaqtigacha (40-hafta) davom etadi. To‘qqizinchi haftada homila inson qiyofasiga kiradi. Bu davrda homilaning boshi, ko‘zi, burni, og‘zi, tanasi, qo‘l-oyoqlari aniq bo‘ladi.

Yuqorida zikr qilingan oyatlar nozil qilingan davrda ilm-fan hozirgidek taraqqiyotga ega emas edi. Bu oyatlar mazmunini insoniyat XX asrga kelibgina tushunib yetmoqda.

Qur’oni karim tabiat hodisalarini yoki boshqa jarayonlarni tushuntirib beruvchi maxsus kitob emas. Shunga qaramasdan undagi ma’nolar ko‘lami barcha narsalarni qamrab olgan. Qur’onda insonni tafakkurga undovchi oyatlar ko‘p. Inson olamni tafakkur qilib borgan sari Yaratuvchining qudratiga shohid bo‘ladi. Odamning yaratilish holatlarining har bir bosqichida cheksiz hikmat va ma’nolar yashiringan. Inson ularni o‘rgangani sayin o‘zligini ham anglab boraveradi.

Dilmurod SOBIROV,

Andijon davlat universiteti katta o‘qituvchisi

Manba: od-press.uz

 

Kiritildi: 05:00 01.12.2020. O'qildi: 2967 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!