AQSh prezidenti Donald Tramp Saudiya Arabistoni, Qatar va Birlashgan Arab Amirliklariga (BAA) qilgan tashriflari natijasida Amerika iqtisodiyotiga 12-13 trillion dollar miqdorida sarmoya kiritish bo‘yicha kelishuvlarga erishilganini ma’lum qildi.
"AQSh tarixida bunday holat hech qachon yuz bermagan. Trillionlab investisiyalar. Biz taxminan 12-13 trillion dollar bo‘yicha kelishib oldik. Allaqachon ma’lum bo‘lgan loyihalar tufayli 12-13 trillion dollarga erishdik, ba’zilari haqida esa yaqin kunlarda xabar beramiz," - dedi u Abu-Dabida AQSh va BAA ishbilarmon doiralari vakillari hamda Abu-Dabi amirligi valiahd shahzodasi Shayx Xolid bin Muhammad Al Nahyon ishtirokidagi uchrashuvda.
Tramp 13 maydan 16 maygacha Yaqin Sharq mamlakatlariga tashrif buyurdi.
12 may kuni Amerikaning Axios portali nomi oshkor etilmagan amaldorlarga asoslanib, Tramp arab davlatlariga tashrifi davomida umumiy qiymati 1 trillion dollarlik bir qator bitimlarni imzolashni rejalashtirayotgani haqida xabar bergan edi.
Keyinroq Trampning o‘zi Saudiya Arabistoni Amerikaning Boeing kompaniyasidan 160 ta samolyotga buyurtma berganini aytdi.