Oq uy yevropalik ittifoqchilarni AQSh prezidenti Donald Tramp va Rossiya yetakchisi Vladimir Putin o‘rtasidagi telefon qo‘ng‘irog‘i haqida xabardor qila olmadi va bu ko‘pchilik uchun kutilmagan bo‘ldi.
Ba’zi Yevropa va Ukraina rasmiylari Vashington allaqachon Moskvaga yon berayotganidan qo‘rqib, bu aloqani xiyonat deb bilishgan , deb yozadi Bloomberg.
❕ Ikki yuqori martabali yevropalik amaldorning agentlikka aytishicha, qo‘ng‘iroq butun qit’a rahbarlarini hayratda qoldirgan. Ba’zilar buni AQShning asosiy ittifoqchilari bilan maslahatlashmasdan turib, Rossiyaga nisbatan pozisiyasini o‘zgartirayotganining belgisi sifatida ko‘rdilar.
Manbalar, shuningdek, Tramp ma’muriyati yevropalik hamkorlar bilan muntazam aloqalarni sezilarli darajada qisqartirganini qayd etgan.
Financial Times gazetasining qayd etishicha , yevropalik diplomatlar allaqachon Tramp jamoasi bilan aloqa o‘rnatishda qiyinchiliklarni boshdan kechirmoqda. Endi Oq uy Yevropa va Ukrainani bo‘lajak kelishuv bo‘yicha munozaralardan oddiygina chetlab qo‘ydi .
Ayni paytda Bloomberg AQSh prezidentining Ukraina mojarosi bo‘yicha Yevropa pozisiyasini ko‘proq dikta qilishga urinayotganiga e’tibor qaratmoqda.
13 fevral kuni ertalab Yevropa yetakchilari Trampning Putin bilan qilgan qo‘ng‘irog‘i haqidagi gaplariga keskin munosabat bildirishdi. Uning so‘zlari, shuningdek, Mudofaa vaziri Pit Xegsetning Ukraina yo‘qotgan hududlarni qaytarib olishning iloji yo‘qligi haqidagi so‘zlari Kiyev va Bryusselda g‘azab uyg‘otdi, deb yozadi Bloomberg.
Ba’zi rasmiylar Ukraina va Yevropasiz muzokaralar ma’nosiz ekanini aytishsa, boshqalar buni Ukraina va G‘arb manfaatlariga putur etkazadigan muddatidan oldin imtiyoz deb bilishadi.
Tramp Vashingtonda nutq so‘zlayotgan paytda Fransiya, Germaniya, Polsha, Italiya, Ispaniya va Buyuk Britaniya tashqi ishlar vazirlari urushni muhokama qilish uchun Parijda yig‘ilishdi. Qo‘shma bayonotda ular Ukrainaning hududiy yaxlitligini qo‘llab-quvvatlashlarini tasdiqladilar va yordamni oshirishga va’da berishdi.
« Biz Ukrainaga yordamimizni oshirishga tayyormiz», — deyiladi bayonotda. «Bizning umumiy maqsadimiz Ukrainani adolatli va mustahkam tinchlikka erishilgunga qadar qo‘llab-quvvatlashdir ».
Biroq, Tramp Yevropa Ittifoqining bayonotlarini tinglaydimi yoki yo‘qmi, hozircha noma’lum .