Trampning Rossiya va Ukraina masalalari bo‘yicha maxsus vakili Kit Kellog Kiyevda Ukraina razvedkasi va maxsus xizmatlari rahbarlari, Prezident ofisi rahbari Andrey Yermak hamda Qurolli Kuchlar Bosh qo‘mondoni Oleksandr Sirskiy bilan uchrashdi. Bu haqda mamlakat prezidenti Vladimir Zelenskiy ma’lum qildi.
Ukraina prezidenti Donald Trampning maxsus vakilini 20 fevral kuni qabul qilish niyatida ekanini aytdi.
"Biz uchun Qo‘shma Shtatlar vakili bilan uchrashuv va umumiy faoliyatning konstruktiv bo‘lishi juda muhim. AQSh va Yevropa bilan birga dunyo yanada ishonchli bo‘lishi mumkin, bu bizning maqsadimiz", — deya ta’kidladi Zelenskiy.
Bu orada AQSh Prezidenti Donald Tramp yana Zelenskiyni tanqid qildi. U Kiyevni nodir yer metallari bo‘yicha kelishuvni buzishda aybladi. Reuters ma’lumotiga ko‘ra, Oq uy Ukrainaga soddalashtirilgan bitim taklif qilishi va tafsilotlarni keyinroq muhokama qilishni rejalashtirishi mumkin. Ushbu masala Zelenskiy va Kellog uchrashuvida ko‘tarilishi mumkin.
Shu bilan birga, AQSh Milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Mayk Uols Fox News'ga bergan intervyusida Kiyevning "keskin ritorikasi" dan noroziligini bildirdi. Uolsning aytishicha, Tramp "bunday holatga toqat qilmoqchi emas".