AQSh polisiyasi respublikachilar partiyasidan prezidentlikka nomzod Donald Trampni o‘ldirish bilan tahdid qilishda gumonlangan 74 yoshli Pol Gavenosisni qo‘lga oldi. Bu haqda WTAJ telekanali xabar berdi.
Gavenosis bezorilik va terroristik tahdidlarda ayblangan. U suiqasd qilish haqidagi bayonotini Pensilvaniyada avtoturargoh uchun ruxsatnoma olayotganida bergan. Mazkur avtoturargoh 26 oktyabr kuni Trampning saylovoldi mitingi o‘tkazilgan joy yaqinida joylashgan. Tegishli ma’lumotni polisiyaga voqeadan xabardor guvoh yetkazgan.
So‘roq paytida Pol Gavenosis o‘z tahdidlarini hazil deb aytgan bo‘lsa-da, keyinchalik siyosatchini o‘ldirishga urinish imkoniyatini tan olgan.