AQSh prezidenti Donald Tramp yaqin kelajakda Xitoyga tashrif buyurishi mumkinligini tan oldi.
Bu haqda Donald Tramp Oq uyda Filippin prezidenti kichik Ferdinand Markos bilan uchrashuvda aytib o‘tdi.
"Xitoy rahbari Si Szinpin meni mamlakatga tashrif buyurishni taklif qildi va biz buni yaqin kelajakda amalga oshirishimiz mumkin", — dedi Tramp. Uning qo‘shimcha qilishicha, tez orada bu masala bo‘yicha yakuniy qaror qabul qiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq XXR raisi Si Szinpin Xitoyda Rossiya va AQSh prezidentlari – Vladimir Putin va Donald Tramp ishtirokida uch tomonlama uchrashuv tashkil etish niyatida ekani haqida xabar berilgandi. The Times nashrining yozishicha, Vashington va Pekin o‘rtasidagi so‘nggi qator savdo kelishuvlari Trampning Xitoyga bo‘lgan munosabatiga ta’sir ko‘rsatgan va AQSh prezidentining sentyabrda bo‘lib o‘tadigan sammitda ishtirok etishi mumkinligi haqidagi taxminlarga sabab bo‘lgan.