AQSh prezidenti Donald Tramp Grenlandiya Amerika Qo‘shma Shtatlari nazorati ostida bo‘lishi kerakligini yana bir bor ta’kidladi. Uning fikricha, orol AQSh milliy xavfsizligi uchun strategik ahamiyatga ega.
Anqaradagi NATO sammiti arafasida so‘zga chiqqan Tramp bu g‘oya amalga oshirilsa, AQShning NATO bilan munosabatlariga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini ham tan oldi.
«Bu NATO bilan munosabatlarimga zarar yetkazadi», — dedi u.
Amerika prezidentining ta’kidlashicha, Daniya Grenlandiyani rivojlantirishga yetarlicha sarmoya kiritmayapti. Shuningdek, u Xitoy va Rossiyaning Arktikadagi faolligi ortib borayotgani sababli orolning strategik ahamiyati yanada kuchayganini qayd etdi.
«Grenlandiya Daniya emas, balki Amerika Qo‘shma Shtatlari nazorati ostida bo‘lishi kerak», — dedi Tramp.
Avvalroq ham Tramp orolning AQSh nazoratiga o‘tishi ehtimoli haqida gapirgan edi. Keyinchalik esa bunday maqsadga uzoq muddatli kelishuvlar orqali erishish tarafdori ekanini bildirgan.