AQSh prezidenti Donald Tramp maxsus elchi Stiv Vitkoff va biznesmen Jared Kushnerning Pokistonga rejalashtirilgan tashrifini bekor qildi. Ular Eron rasmiylari bilan uchrashuv o‘tkazish uchun yo‘l olishlari kutilgan edi.
Bu haqda Tramp Fox News telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.
“Men ularga: ‘Sizlar u yerga 18 soat uchib bormaysizlar. Bizda barcha kartalar qo‘lda. Ular xohlagan vaqtda bizga qo‘ng‘iroq qilishlari mumkin, lekin 18 soat uchib borib u yerda o‘tirib muzokara qilishning hojati yo‘q’, dedim”, — dedi Tramp.
Shu bilan birga, xabarlarga ko‘ra, Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Araqchi 26 aprel kuni Pokistonga tashrif buyurgan va rasmiylar bilan uchrashuvlar o‘tkazgan. Avvalroq ommaviy axborot vositalari AQSh va Eron o‘rtasidagi muzokaralar 27 aprel kuni bo‘lib o‘tishi mumkinligini ma’lum qilgan edi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, tomonlar avvalgi muzokaralarda Hormuz bo‘g‘ozi va Eronning yadroviy dasturi bo‘yicha kelishuvga erisha olmagan. Tashrif bekor qilinishi Vashingtonning muzokaralar strategiyasida o‘zgarish bo‘lganini ko‘rsatmoqda.