Tramp Afg‘onistondagi NATO askarlari haqidagi so‘zlari uchun uzr so‘rashi kerak — Germaniya mudofaa vaziri.
Germaniya mudofaa vaziri Boris Pistorius AQSh prezidentining Afg‘onistondagi NATO missiyalarida qatnashgan boshqa davlatlar harbiylarini “front chizig‘idan chetda turgani” haqidagi iddaosini tanqid qildi va Trampni halok bo‘lgan askarlar oilalaridan uzr so‘rashga chaqirdi.
Pistoriusning ta’kidlashicha, prezidentning so‘zlari “odobsizlik va hurmatsizlik” bo‘lib, uzr so‘rash “odob va hurmat belgisi” bo‘ladi. Vazir ARD telekanaliga bergan intervyusida, ushbu masalani Pentagon rahbari Pit Hegset bilan “ilk uchrashuvdayoq” muhokama qilish niyatida ekanini bildirdi.
Avvalroq Germaniya mudofaa vaziri Bild nashri bilan suhbatda nemis harbiylari Afg‘onistonda jami 19 yil davomida xizmat qilganini va Germaniya NATO missiyasi doirasida “juda katta badal to‘laganini” eslatib o‘tgan edi.
"Afg‘onistonda Germaniyaning 59 nafar askari va uch nafar polisiyachisi janglarda, hujumlar oqibatida va baxtsiz hodisalar tufayli halok bo‘lgan. Ko‘plab yaralangan harbiylar hanuzgacha olgan jarohatlaridan ham ruhiy, ham jismoniy aziyat chekmoqda. Bu ularning oilalariga ham taalluqli bo‘lib, ular bu og‘riqni umr bo‘yi ko‘tarib yashashadi", — degan Pistorius.